O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Turizm

Toshkentda IV xalqaro “Umra Plus va ziyorat turizmi” koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi

UzDaily tahririyati · 29.06.2026 · 11:15 · 43 views
Toshkentda IV xalqaro “Umra Plus va ziyorat turizmi” koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi

Toshkentda IV xalqaro “Umra Plus va ziyorat turizmi” koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 27-iyun kuni Toshkent shahrida Turizm qo‘mitasi hamda Umra turizmi tashkilotlari assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan IV Xalqaro “Umra Plus va ziyorat turizmi” ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.

Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Malayziya, Indoneziya va Saudiya Arabistonidan 200 nafardan ortiq turoperatorlar, mehmonxona biznesi hamda transport kompaniyalari vakillari ishtirok etmoqda.

Ikki kun davomida ishtirokchilar B2B uchrashuvlari, biznes muzokaralari va O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlarda qatnashib, ziyorat turizmini rivojlantirish istiqbollari hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilmoqdalar.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S. Bobokalonov ishtirok etdi. U o‘z nutqida ziyorat turizmini rivojlantirish mamlakatning turizm salohiyatini yanada mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ko‘rgazma milliy turizm mahsulotini xalqaro bozorda targ‘ib etish, xorijiy ziyoratchilar oqimini ko‘paytirish hamda xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. 

Ko‘rgazma avval Turkiya, Malayziya va Indoneziyada o‘tkazilgan loyiha taqdimotlarining mantiqiy davomi bo‘lib, O‘zbekistonning turistik shaharlari bo‘ylab sayohatni ham o‘z ichiga olgan “Umra+” dasturini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish uchun yangi imkoniyatlarni yaratmoqda.

Ko‘rgazma doirasida umra safarlarini O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab sayohatlar bilan uyg‘unlashtiruvchi yangi “Umra+” yo‘nalishlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ishbilarmonlik dasturi doirasida B2B uchrashuvlari va muzokaralar o‘tkazilmoqda. Ularning yakunida yangi turizm mahsulotlarini yaratish hamda mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan 100 ga yaqin hamkorlik bitimlarini imzolash rejalashtirilgan.

Xorijiy ishtirokchilar uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif ham tashkil etildi. Shuningdek, ushbu markazni xorijiy sayyohlarga taklif etiladigan asosiy ziyorat marshrutlari tarkibiga kiritish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston ziyorat turizmining dolzarb yo‘nalishlaridan biri sifatidagi mavqeini izchil mustahkamlab bormoqda. 2026-yilning dastlabki besh oyida mamlakatga 5,3 million nafardan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Asosiy turizm bozorlarida ham ijobiy o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda. Jumladan, 2026-yil yanvar–may oylarida Ozarbayjondan kelgan sayyohlar soni qariyb 82 foizga, Malayziyadan ikki baravardan ortiq, Indoneziyadan 63 foizdan ko‘proq, Turkiyadan esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 19 foizga oshdi.