Toshkent viloyati chegarasida yo‘lbars iloni musodara qilindi
Toshkent viloyati chegarasida yo‘lbars iloni musodara qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatidagi “Navoiy” chegara bojxona postida respublika hududiga ekzotik sudralib yuruvchi jonivorni noqonuniy olib kirishga bo‘lgan urinishga chek qo‘yildi. Viloyat bojxona boshqarmasi matbuot xizmati maʼlum qilishicha, huquqbuzarlik holati qo‘shni davlatdan kelgan yo‘lovchining yuki tekshirilganda aniqlangan.
Fuqaroning qo‘l yuki maxsus rentgen uskunasi orqali skaner qilinganda inspektorlar sumka ichida tirik ilon borligini aniqladi. Jalb etilgan mutaxassislarning dastlabki xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan sudralib yuruvchi jonivor yo‘lbars iloni hisoblanadi. Ushbu turning tabiiy yashash muhiti Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo hududlarini qamrab oladi.
Yo‘lbars iloni xalqaro muhofaza ostida bo‘lgani sababli, uni davlat chegaralari orqali olib o‘tish qatʼiy tartibga solingan.
CITES xalqaro konvensiyasiga muvofiq, bunday hayvonlarni tashish uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinadi. Biroq ushlangan fuqaro bunday hujjatni taqdim eta olmagan. Hodisa yuzasidan tergovga qadar tekshiruv boshlangan.
Ilonning o‘zi tezkor tarzda mutaxassislar nazorati ostiga olinib, Toshkent zooparkiga topshirildi. Hozirgi vaqtda uning holati qoniqarli deb baholanmoqda.