Qoraqalpog‘istonda “Orol balig‘idan 99 ta taom” xalqaro gastronomik festivali o‘tkaziladi
Qoraqalpog‘istonda “Orol balig‘idan 99 ta taom” xalqaro gastronomik festivali o‘tkaziladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 23–24 aprel kunlari Respublikasining Taxtako‘pir tumanida joylashgan “Karateren” etno-turistik majmuasida “Orol balig‘idan 99 ta taom” xalqaro gastronomik festival bo‘lib o‘tadi.
Mazkur tadbir Orolbo‘yi mintaqasining o‘ziga xos gastronomik turizmi salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, Qoraqalpog‘istonda madaniy va ko‘ngilochar tadbirlar sonini ko‘paytirish va bu orqali hududga tashrif buyuruvchi mahalliy hamda xorijiy turistlarning sonini yanada ko‘paytirishga qaratilgan.
Ushbu festival 2017 yildan buyon muntazam tashkil etib kelinmoqda. Bu yilgi festival doirasida 50 ga yaqin malakali oshpazlar ishtirok etib, Orol hududiga xos bo‘lgan baliq mahsulotlaridan tayyorlangan eng sara va noyob taomlarni taqdim etadi.
Tashrif buyuruvchilar 99 turdagi xilma-xil baliq taomlarini — qovurilgan va dimlangan baliqlar, mashhur baliq sho‘rvalari va boshqa milliy taomlarni nafaqat tayyorlanishini tomosha qilish, balki tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Festival yakunida g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.
“Orol balig‘idan 99 ta taom” festivali nafaqat mazali taomlar bayrami, balki qayta tiklanayotgan Orolbo‘yi tabiati, boy madaniy merosi va mehmondo‘stlik an’analarining yorqin namoyoni sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi.