Pekinda O‘zbekiston turizmi haqida videoroliklar namoyish etildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Pekinda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligini nishonlash doirasida “Solana” savdo-ko‘ngilochar markazining katta 3D LED ekranida mamlakatning turistik salohiyati haqidagi videoroliklar namoyish etila boshlandi.
Tashabbus O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi va Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Videomateriallar Pekin aholisi va mehmonlarini O‘zbekistonning madaniyati va anʼanalari, tarixiy obidalari hamda mamlakatning zamonaviy taraqqiyoti bilan tanishtiradi. Tashkilotchilar shu orqali xitoylik sayyohlarni yana-da ko‘proq jalb qilishni maqsad qilgan.
“Solana” savdo-ko‘ngilochar markazi 2008 yildan buyon faoliyat yuritib keladi va Pekindagi yirik hamda mashhur markazlardan biri hisoblanadi. Xabarda keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, unga har kuni 100 mingdan ortiq xitoylik va xorijlik mehmon tashrif buyuradi.
Videorolikda, shuningdek, O‘zbekistonning o‘ziga xos shaharlari, madaniy va turistik diqqatga sazovor joylari, shuningdek, Xitoy fuqarolari uchun mamlakatda 30 kungacha vizasiz bo‘lish imkoniyati haqida maʼlumot berilgan.
Beijing Yuanjingjie Media Co., Ltd. direktori Li Shushen O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabrikladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, namoyish etilgan materiallar xitoylik va xorijlik mehmonlarga O‘zbekistonning turistik imkoniyatlari bilan tanishish imkonini beradi.
“Solana”ga tashrif buyurgan Van Minsin videorolikni tomosha qilganidan so‘ng O‘zbekistonga borish va uning diqqatga sazovor joylarini shaxsan ko‘rish istagini bildirgan. U, shuningdek, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va milliy taomlar xilma-xilligini taʼkidlagan.
Van Minsinning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 30 kungacha vizasiz bo‘lish imkoniyati xitoylik sayyohlar uchun sayohatlarni yana-da jozibador qiladi. U O‘zbekiston xalqini Mustaqillik kuni bilan ham tabriklagan.
Shunga o‘xshash turistik videoroliklar namoyishini Xitoyning boshqa shaharlarida ham tashkil etish rejalashtirilmoqda.