O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Turizm

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida yangi havo yoʻnalishlari ochiladi

UzDaily tahririyati · 16.07.2026 · 20:47 · 33 views
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida yangi havo yoʻnalishlari ochiladi

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida yangi havo yoʻnalishlari ochiladi / Surat: Oʻzbekiston Turizm Qoʻmitasi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi A. Aqqulov Qirg‘iz Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari doirasida “Asman Airlines” aviakompaniyasi hamda “Aero Nomad Airlines” aviakompaniyasi rahbariyatlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi aviaqatnovlarni kengaytirish, qo‘shma turistik mahsulotlarni rivojlantirish hamda o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Tomonlar ikki mamlakatning geografik yaqinligi, boy tarixiy-madaniy merosi hamda xorijiy sayyohlarning Markaziy Osiyo bo‘ylab qo‘shma sayohat yo‘nalishlariga qiziqishi ortib borayotgani yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratayotganini ta’kidladilar. Ayniqsa, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Andijonni Bishkek, O‘sh hamda Issiqko‘l bilan bog‘laydigan yo‘nalishlarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

“Aero Nomad Airlines” rahbariyati bilan uchrashuvda aviakompaniya tomonidan joriy yilning 23-avgustidan boshlab Bishkek – Toshkent – Bishkek yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga ikki marta muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi. Yangi aviaqatnovning ochilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, yo‘lovchilar oqimining yanada ortishiga xizmat qiladi.

“Asman Airlines” rahbariyati bilan Bishkek va O‘shdan Toshkentga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekistonning bir qator talab yuqori bo‘lgan shaharlariga parvozlarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Bu borada yo‘lovchilar talabi va bozor ehtiyojlarini birgalikda o‘rganish hamda yangi yo‘nalishlarni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikda ishlanadi.

Har ikki aviakompaniya vakillariga O‘zbekistonda yangi xalqaro yo‘nalishlarni ochayotgan xorijiy aviatashuvchilar uchun amal qilayotgan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuvda turizm biznesi bilan hamkorlik masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonning turistik salohiyatini qirg‘izistonlik turoperatorlar orasida, shuningdek, yangi aviaqatnovlarni faol targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.