O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Turizm

Oʻzbekiston sayyohlar uchun avtomobil ijarasi tizimini takomillashtirmoqda

UzDaily tahririyati · 30.06.2026 · 15:50 · 29 views
Oʻzbekiston sayyohlar uchun avtomobil ijarasi tizimini takomillashtirmoqda

Oʻzbekiston sayyohlar uchun avtomobil ijarasi tizimini takomillashtirmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda turistlar uchun yanada qulay va xavfsiz muhit yaratish maqsadida avtomobil ijarasi (Rent Car) xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov rahbarligida Raqamli texnologiyalar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, sug‘urta tashkilotlari mas’ullari, avtomobil ijarasi xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar vakillari o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etildi.

Uchrashuvda mamlakatimizda turistlar uchun avtomobil ijarasi (Rent Car) xizmatlarini yanada rivojlantirish, sohada mavjud muammolarni bartaraf etish hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga oid masalalar muhokama etildi.

Uchrashuvda turistlarga transport xizmatlarini yanada qulaylashtirishga qaratilgan qator tashabbuslar muhokama qilindi. Jumladan: 

- ijaraga berilgan avtomobillar bo‘yicha jarimalar va huquqbuzarliklarni hisobga olish tizimini takomillashtirish;

- davlat organlari o‘rtasida raqamli ma’lumot almashinuvini kengaytirish;

- xorijiy fuqarolar uchun transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish; 

- elektromobillar uchun quvvatlash infratuzilmasida xalqaro to‘lov tizimlarini joriy etish;

- avtomobil ijarasi kompaniyalari uchun maxsus sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish; 

- avtoparklarni zamonaviy va ekologik toza transport vositalari bilan kengaytirish hamda imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish; 

- turistik hududlarda avtokempinglar va kemperlar uchun maxsus to‘xtash va servis nuqtalarini tashkil etish.

Ushbu tashabbuslar amalga oshirilishi natijasida sayyohlar mamlakat bo‘ylab yanada erkin va xavfsiz sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, raqamli xizmatlarning kengayishi, xalqaro to‘lov vositalarining joriy etilishi va xizmatlar sifatining oshishi O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Turizm qo‘mitasi turistlar uchun zamonaviy, qulay va xavfsiz transport muhitini shakllantirish, sohada mavjud to‘siqlarni bartaraf etish hamda xususiy sektor bilan hamkorlikda avtomobil ijarasi xizmatlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirmoqda. Bu esa mamlakatimizga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yanada yuqori sifatli turistik xizmatlarni ta’minlashga xizmat qiladi.