O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Moliya

O‘zbekiston va Rossiya moliyaviy boshqaruv sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

Dilafro'z Niyazova · 20.08.2026 · 19:15 · 31 views
O‘zbekiston va Rossiya moliyaviy boshqaruv sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Rossiya moliyaviy boshqaruv sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda / Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Rossiya davlat moliyasini boshqarish hamda g‘aznachilik xizmatlari sohasidagi hamkorlikni davom ettirmoqda. 18 avgustdan 21 avgustga qadar O‘zbekistonda Rossiya Federal g‘aznachiligi rahbar o‘rinbosari Aleksandr Mixaylik boshchiligidagi delegatsiya bo‘lib turibdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi xabar berdi.

Tashrif doirasida Rossiya Federal g‘aznachiligi va O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi vakillari byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobini markazlashtirish, byudjet hisobi va hisobotini yuritish masalalarini muhokama qilmoqda.

Davlat moliyasini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish va g‘aznachilik tizimida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik 2017 yilda Rossiya Federal g‘aznachiligi va O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘rtasida imzolangan Texnik hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum, shuningdek, 2024–2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi asosida amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, hamkorlik Rossiya Federal g‘aznachiligi va O‘zbekiston G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi tomonidan 2024 yil 9 dekabrda imzolangan Texnik hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum asosida ham olib borilmoqda.

Joriy tashrif doirasida tomonlar 2027–2029 yillarga mo‘ljallangan yangi uch tomonlama hamkorlik dasturi loyihasini tayyorlashni ham rejalashtirmoqda.

O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, o‘tkazilayotgan uchrashuvlar ikki davlat g‘aznachilik organlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirish hamda davlat moliyasini boshqarish tizimiga ilg‘or tajribani joriy etishga qaratilgan.