O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Turizm

O‘zbekiston va Indoneziya ziyorat turizmida hamkorlikni kengaytiradi

Dilafro'z Niyazova · 09.09.2026 · 16:30 · 29 views
O‘zbekiston va Indoneziya ziyorat turizmida hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va Indoneziya ziyorat turizmida hamkorlikni kengaytiradi / Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Indoneziya ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu yo‘nalishda turistlar almashinuvini rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish hamda turoperatorlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Bu haqda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulovning Indoneziya Haj va Umra ishlari vaziri Muhammad Irfan Yusuf bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha maʼlum bo‘ldi.

Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlar oqimini oshirish masalasi bo‘ldi. Xususan, tomonlar Toshkent — Jakarta yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Toshkentni O‘zbekistonning tarixiy shaharlari bilan bog‘laydigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni tashkil etish imkoniyatini muhokama qildi.

Uchrashuv ishtirokchilari davlat rahbari tomonidan taklif etilgan yangi aviareyslarni subsidiyalash mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqdi. Bundan tashqari, Indoneziyadan sayyohlarni jalb qiladigan mahalliy turoperatorlarga jalb qilingan har bir sayyoh uchun 100 dollar miqdorida subsidiya berish rejalashtirilmoqda.

Indoneziya bozori ziyorat turizmini rivojlantirish uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida qaralmoqda. Har yili Indoneziyaning 2 milliondan ortiq fuqarosi haj va umra amallarini ado etadi.

O‘zbekistonda ziyorat turizmiga oid 1 200 dan ortiq obyekt mavjud. Ular orasida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband merosi bilan bog‘liq maskanlar ham bor.

Indoneziya vazirining tashrifi doirasida Samarqand va Buxorodagi ziyorat obyektlariga safar tashkil etildi. Tashrif yakunlari bo‘yicha tomonlar ushbu shaharlarni Indoneziya bozorida ziyorat turizmi yo‘nalishlari sifatida targ‘ib qilish, maxsus turistik marshrutlarni ishlab chiqish hamda ikki mamlakatning haj va umra operatorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib oldi.

Hamkorlikning amaliy yo‘nalishlaridan yana biri Indoneziyalik investorlar ishtirokida Imom Buxoriy majmuasi hududida besh yulduzli Hadith Hotel mehmonxonasini ishga tushirish bo‘ladi.

Tomonlar, shuningdek, «Umra plyus» dasturini rivojlantirish, turoperatorlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va ziyorat turizmi infratuzilmasini takomillashtirish masalalarini ham ko‘rib chiqmoqda. Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekistonning Indoneziya turistik bozoridagi mavqeini mustahkamlash va mamlakatdan keladigan sayyohlar sonini ko‘paytirishga qaratilgan.