O‘zbekiston

O‘zbekiston va Belgiya savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va Belgiya savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va Belgiya savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston biznes-delegatsiyasi Belgiya va Lyuksemburgga tashrifi doirasida Yevropa biznesi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Tashrif doirasida mahalliy va Yevropa kompaniyalari vakillari bilan ikki tomonlama B2B uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muzokaralarning asosiy mavzulari investitsiyaviy hamkorlik, transport o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish, o‘zbek mahsulotlarining Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqishi, moliyaviy hamkorlik va raqamli xizmatlarni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasida Yevropa komissiyasi va Yevropa investitsiya banki vakillari ishtirokida alohida uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari, «Global Gateway» tashabbusi, transport infratuzilmasini rivojlantirish va xususiy sektor bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish va O‘zbekistondan Belgiya bozoriga mahsulot yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, tomonlar farmatsevtika sohasida texnologik va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.