Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Arab Amirliklarida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulovning Bahrayn turizm vaziri Fotima Al-Sayrafi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish va soha vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv ishtirokchilari o‘zaro sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan marketing tadqiqotlari, statistik maʼlumotlar va asosiy tendensiyalar bo‘yicha muntazam axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Toshkent va Manama shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar, shuningdek, turizm sohasi va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘zaro axborot va press-turlarni tashkil etishni davom ettirishga kelishib oldi.
Bahrayn tomoni 25–27 noyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan «Ipak yo‘lida turizm» Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etishga taklif qilindi.
Bundan tashqari, tomonlar 2027 yilni Barqaror va hayotchan turizm xalqaro yili deb eʼlon qilishga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etish masalalarini muhokama qildi.