Mirziyoyev madaniyat ahli uchun yangi imtiyozlarni eʼlon qildi
Mirziyoyev madaniyat ahli uchun yangi imtiyozlarni eʼlon qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda madaniyat va sanʼat sohasi xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi kengaytiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ijodiy ziyolilar vakillari bilan uchrashuvda maʼlum qildi.
Eʼlon qilingan choralarga ko‘ra, har yili 1 ming nafar shoir, yozuvchi, madaniyat arbobi, muzey xodimi va rassomga uy-joy xarid qilish uchun ipoteka krediti rasmiylashtirilganda boshlang‘ich badalning 50 foizi qoplab beriladi.
Uy-joy ijarasi uchun kompensatsiya
Prezident madaniy tashkilotlar va muassasalarda boshqa hududlardan kelib ishlayotgan mutaxassislar faoliyat yuritayotganini taʼkidladi. Shu munosabat bilan joriy davrdan boshlab ularning uy-joy ijarasi xarajatlari qoplab beriladi.
Toshkent shahrida ijara to‘lovi uchun oyiga 2,5 million so‘mgacha, hududlarda esa oyiga 1,6 million so‘mgacha kompensatsiya ajratiladi.
Tibbiy va ijtimoiy imtiyozlar
Har yili yuqori natijalarga erishgan 1 ming nafar madaniyat sohasi xodimi Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan bepul davolanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, yana 2 ming nafar ijodkor tibbiy sug‘urta bilan taʼminlanadi. Kamida 10 yil mehnat stajiga ega xodimlarga sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar beriladi.
Qo‘shimcha qilinishicha, 15 iyundan boshlab «Xalq artisti», «Xalq shoiri» va «Xalq yozuvchisi» kabi faxriy unvonlarga ega ijodkorlar aeroportlar va temir yo‘l vokzallaridagi VIP-zallardan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ladilar.
#Shavkat Mirziyoyev