O‘zbekiston

Deputatlar aktivlarning yo'qolishi uchun jarimalarni ikki baravar kamaytirishni taklif qilishdi

Deputatlar aktivlarning yo'qolishi uchun jarimalarni ikki baravar kamaytirishni taklif qilishdi
Deputatlar aktivlarning yo'qolishi uchun jarimalarni ikki baravar kamaytirishni taklif qilishdi / Foto: Oliy Majlis Senati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.

Qonun loyihasi tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali yanada ishonchli himoya qilish, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha nizolarni ko‘rib chiqishda iqtisodiy sudlarning vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Amalda tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni belgilangan muddatlarda qaytarish ta’minlanmagan taqdirda, rezidentlarga qaytarilmagan aktivlar summasidan kelib chiqib moliyaviy jarimalar qo‘llaniladi.

Huquqni qo‘llash amaliyoti tahlili ayrim holatlarda tadbirkor tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun o‘ziga bog‘liq barcha choralarni ko‘rgan bo‘lsa-da, xorijiy hamkorning harakatlari, to‘lov tizimlaridagi cheklovlar yoki boshqa obyektiv omillar sababli aktivlarni o‘z vaqtida qaytarish imkoni bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, amaldagi tartib sudlarga bunday holatlarni to‘liq inobatga olib, jarima miqdorini mutanosib ravishda kamaytirish imkonini yetarlicha bermaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiy sudlar tomonidan mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha 2024-yilda 3,5 mingga yaqin tadbirkorga 752 mlrd. so‘mlik, 2025-yilda esa 9,1 mingdan ortiq tadbirkorga 3,3 trln. so‘mlik moliyaviy jarimalar qo‘llanilgan. Bu esa tashqi savdo faoliyatida insofli harakat qilgan tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishning qo‘shimcha huquqiy mexanizmlarini yaratish zaruratini ko‘rsatadi.

Shu bois qonun loyiha bilan jarima miqdorini 50 foizga kamaytirish nazarda tutilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.