O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Texnologiyalar

Yangi uylarda optik tolali internet majburiy bo‘ladi

UzDaily tahririyati · 08.07.2026 · 11:55 · 39 views
Yangi uylarda optik tolali internet majburiy bo‘ladi

Yangi uylarda optik tolali internet majburiy bo‘ladi

 Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvining integratsiyalashgan raqamli platformasini joriy etish, startaplar ekotizimini rivojlantirish va telekommunikatsiya sohasidagi ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi.

Taqdimot yakunlari bo‘yicha davlat rahbari taqdim etilgan tashabbuslarni maʼqullab, raqamli xizmatlar sifatini oshirish va xususiy sektor uchun qulay shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Prezident matbuot xizmati maʼlum qilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda aholi punktlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 41 foizdan 98 foizgacha oshgan. Internet kanalining o‘tkazuvchanlik qobiliyati esa 65 barobarga ko‘paygan.

Shu bilan birga, soha hozircha mahalliy tadbirkorlar uchun yetarlicha jozibador emasligi, shu sababli olis hududlarda simli internetdan foydalanish darajasi pastligicha qolayotgani qayd etildi.

Biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash maqsadida telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalash va qurish bo‘yicha litsenziyalarni birlashtirish taklif etildi. Bu yagona litsenziyani olish muddatini 25 ish kunidan 10 ish kunigacha qisqartirish imkonini beradi.

Asosiy tashabbuslardan biri sifatida ko‘p qavatli turar joy binolarini loyihalash va qurishda optik tolali aloqa infratuzilmasini majburiy tarzda barpo etish belgilanmoqda. Internetga ulanish imkoniyati bino qurilishi jarayonining o‘zidayoq nazarda tutiladi.

Bundan tashqari, telekommunikatsiya sohasida o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgan yoshlar «Kelajak tadbirkori» dasturi doirasida imtiyozli moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Dasturga muvofiq, ikki yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda, yetti yil muddatga yillik 15 foiz stavkada 530 million so‘mgacha kreditlar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mamlakatning olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun imtiyozli tarif rejalarini joriy etish taklif qilinmoqda.

Mazkur chora-tadbirlar telekommunikatsiya infratuzilmasini yana-da rivojlantirish va aholining zamonaviy raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.