Xalq kartograflari O‘zbekiston xaritasiga 1 milliondan ortiq obyekt qo‘shishdi
Xalq kartograflari O‘zbekiston xaritasiga 1 milliondan ortiq obyekt qo‘shishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2020 yil boshidan buyon Yandex Maps'da O‘zbekiston bo‘yicha xalq kartograflari – mamlakat xaritasini aniqlashtirishga ko‘maklashuvchi foydalanuvchilar hamjamiyatining sa’y-harakatlari bilan 1 milliondan ortiq yangi obyekt paydo bo‘ldi.
Ular yo‘llar, manzillar, uylar, tashkilotlar va shahar infratuzilmasining boshqa muhim elementlarini xaritaga qo‘shib kelmoqda. Shu davr mobaynida hamjamiyat ishtirokchilari qariyb 1,75 millionta tahrir kiritib, marshrutlarni yanada aniq qurish, kerakli manzillarni tezroq topish, shuningdek, yetkazib berish va taksi xizmatlari ishini yengillashtirishga hissa qo‘shdi.
“Xalq xaritasi” — Yandex Maps'ning foydalanuvchilarga xaritani mustaqil ravishda to‘ldirish va aniqlashtirish imkonini beruvchi xizmati. Moderatsiyadan o‘tgan o‘zgarishlar ilovada aks etadi va barcha foydalanuvchilar uchun ochiq bo‘ladi. Shu tariqa xaritada kundalik hayot uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlar paydo bo‘ladi: uyning aniq manzili, kerakli kirish yo‘lagi, yangi yo‘l, tashkilot haqidagi yangilangan ma’lumot yoki hatto hovli ichidagi kichik so‘qmoq ham.
O‘zbekistonlik xalq kartografi Timur Hafizov shunday deydi:
“Men uchun kartografiya – yurtim va atrofimdagi odamlarga naf keltirish usuli. Manzilni to‘g‘rilasangiz, yangi yo‘l qo‘shsangiz yoki obyekt haqidagi ma’lumotni aniqlashtirsangiz, bu kichik tahrirdek tuyuladi. Ammo keyin kimdir shu ma’lumot orqali uyni tezroq topadi, tez yordam xizmati kerakli manzilga osonroq yetib boradi, turist esa notanish shaharda yo‘lini topishi yengillashadi. Ana shunday paytlarda bu oddiy xobbi emas, balki odamlarga har kuni yordam beradigan muhim hissa ekanini anglaysiz”.
Faqat so‘nggi bir yilning o‘zida O‘zbekiston xalq kartograflari 240 mingdan ortiq tahrir kiritdi. Jumladan, 109 mingta manzil va uy ma’lumoti, 57 mingta yo‘l va ko‘chaga oid o‘zgartish, shuningdek, 38,5 mingta tashkilot haqidagi ma’lumot yangilandi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda xalq kartograflarining faol hamjamiyati shakllangan. Ishtirokchilar murakkab tahrirlarni muhokama qilish, tajriba almashish va yangi qatnashchilarga qoidalarni tezroq o‘zlashtirishda yordam berish uchun alohida chatga ega.
Bundan tashqari, hamjamiyat a’zolari oflayn uchrashuvlar ham o‘tkazadi. Iyun oyida Yandex Uzbekistan ofisida xalq kartograflarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar bir yillik faoliyat yakunlarini sarhisob qildi, xaritani yanada rivojlantirish rejalarini muhokama qildi hamda xizmat rivojiga qo‘shgan hissasi uchun kompaniya tomonidan taqdirlandi.
Xalq kartografi bo‘lish uchun maxsus ta’lim yoki kartografiya sohasidagi tajriba talab etilmaydi. Buning uchun xizmat qoidalari bilan tanishish va birinchi tahrirni kiritishning o‘zi yetarli. Ishtirokchilarga moderatorlar yordam beradi: ular tahrirni qanday yaxshilash mumkinligini tushuntirib, o‘zgartishlarni nashrga tayyorlashga ko‘maklashadi. Loyihaga qo‘shilishni xizmat sayti orqali boshlash mumkin.
Shuningdek, har qanday foydalanuvchi Yandex Maps ilovasining o‘zida ham kichik tahrirlar kiritishi mumkin. Buning uchun profil belgisini bosib, «Xarita muharriri» bo‘limiga o‘tish va xatolikni tuzatish, tezkor tahrir qoldirish yoki yangi obyekt qo‘shish kifoya.