Uzcosmos va Xitoy kosmosdagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Uzcosmos va Xitoy kosmosdagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Uzcosmos agentligi rahbariyati hamda Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda kosmik texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlariga joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Xitoyning kosmik sohadagi ilg‘or tajribasi O‘zbekiston uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu esa texnologiyalar transferi va yangi bilimlarni o‘zlashtirishga xizmat qiladi.
Kosmik hamkorlik, avvalo, real sohalarda o‘z natijasini beradi. Qishloq xo‘jaligida hosildorlikni aniq prognozlash, suv resurslarini samarali boshqarish, ekologik monitoringni kuchaytirish, shaharsozlik va infratuzilmani rejalashtirishni yaxshilashga erishiladi.
Shuningdek, uchrashuvda Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekistonning ilk ilmiy sun‘iy yo‘ldoshini uchirish va birinchi fazogirini tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, bu boradagi rejalar haqida fikr almashildi.