Shoshilinch
Texnologiyalar

Uzcosmos va STAR.VISION hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi

Uzcosmos va STAR.VISION hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi
Uzcosmos va STAR.VISION hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi / Foto: Uzcosmos.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Uzcosmos agentligi va STAR.VISION giperspektral sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlaridan foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi.

Hujjat «Samarkand 2028» sunʼiy yo‘ldoshidan olingan tasvirlar asosida amaliy yechimlarni sinovdan o‘tkazish va ishlab chiqish bo‘yicha birgalikda ishlashni nazarda tutadi.

Imzolash marosimida O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Uzcosmos direktori Shuhrat Qodirov va STAR.VISION guruhi bosh direktori Danying Fan ishtirok etdi. Bu haqda Uzcosmos xabar berdi.

Memorandum doirasida tomonlar giperspektral maʼlumotlarni amaliyotda qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yangi texnologiyalarni sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Ishlab chiqilgan yechimlarni keyinchalik tijoratlashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Tomonlar olingan maʼlumotlardan kosmik texnologiyalar va sunʼiy yo‘ldosh axboroti asosida amaliy yechimlar yaratishda foydalanish imkoniyatlarini baholash niyatida.

Uzcosmos taʼkidlashicha, STAR.VISION bilan hamkorlik kosmik texnologiyalar va sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlaridan samarali amaliy foydalanish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.