Umumiy ovqatlanish korxonalarida menyu davlat tilida bo‘lishi shart
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasi tomonidan ijtimoiy tarmoq va boshqa axborot resurslarida respublikamizda faoliyat yuritayotgan umumiy ovqatlanish shoxobchalari xizmatlaridan norozilik bildirilgan murojaatlar o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar davomida xo‘randalarga taqdim etilayotgan taomnoma xorijiy tillarda yaʼni rus, ingliz, turk, xitoy va boshqa tillarda ekanligi aniqlandi.
Jumladan,
Toshkentdagi “Basri Baba” turk taomlari restorani masʼullarini jalb qilgan holda o‘rganilganda taomnoma faqat turk tilida ekanligi, ushbu holat xo‘randalarda birmuncha qiyinchilik tug‘dirayotgani o‘z tasdig‘ini topdi. O‘rganish natijasida restoran tomonidan taomnoma maʼlumotlari davlat tilida tayyorlanib, qo‘shimcha xorijiy tillarda ham berilishi taʼminlandi.
“CHINA CHUAN CHUAN” MCHJga qarashli xitoy taomlari restoranida xo‘randalarga xorijiy tilda munosabatda bo‘linayotganligi yuzasidan tushgan murojaat o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijasida qonunbuzilish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgan: endilikda restoranda davlat tilida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar faoliyat boshlagani hamda rus va xitoy tillarida tuzilgan taomnomalar o‘zbek tilidagi tarjimasida xo‘randalarga berilishi taʼminlandi.
Shuningdek, Toshkentdagi “MIRZO-BOBUR” MCHJga qarashli “Von!” kafesi xodimlari tomonidan mijozlarga rus tilida xizmat qilinayotgani bo‘yicha ijtimoiy tarmoqda qoldirilgan murojaat ham o‘rganildi. O‘rganish natijasiga ko‘ra, kafening 26 ta shoxobchasida taomnomalar xo‘randalarning talabiga asosan davlat tilida, shuningdek rus va ingliz tillarida taqdim etilayotgani maʼlum bo‘ldi.
Ijtimoiy tarmoq orqali “CAKELAB” qandolat restorani tarmoqlarining taomnomasida rus tilida maʼlumotlar berilayotgani ham tanqid qilingan. Mazkur masala restoran masʼullarini jalb qilgan holda ijobiy hal etilib, taomnomalar davlat tiliga muvofiqlashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasiga muvofiq, tovar (ish, xizmat) to‘g‘risidagi maʼlumot isteʼmolchiga davlat tilida taqdim etiladi. Mazkur maʼlumot qo‘shimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin.