Madaniyat

Toshkentda XI xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi o‘tkaziladi

Toshkentda XI xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi o‘tkaziladi
Toshkentda XI xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi o‘tkaziladi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 12 oktyabrdan 16 oktyabrga qadar Toshkentda «Voqealar gorizonti» mavzusida XI Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi bo‘lib o‘tadi.

Xorijiy va o‘zbekistonlik rassomlarning asarlari poytaxtdagi yetakchi muzey va galereyalarda namoyish etiladi. Dasturdan Samarqandga sayohat ham o‘rin olgan bo‘lib, bu mamlakat mehmonlariga zamonaviy sanʼat bilan tanishishni O‘zbekistonning tarixiy merosi bilan uyg‘unlashtirish imkonini beradi.

Toshkent xalqaro biyennalesi 2001 yildan buyon har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinadi. Bu yilgi tadbir mavzusi insonning texnologik va madaniy o‘zgarishlar ostonasidagi holatiga bag‘ishlangan.

Biyennale konsepsiyasiga ko‘ra, qadimiy karvon yo‘llari kesishmasida joylashgan Toshkent umid va yangi maʼnolarni izlash ramzi bo‘lgan “voha” sifatida talqin etiladi.

Tantanali ochilish marosimi 12 oktyabr kuni Markaziy ko‘rgazmalar zalida bo‘lib o‘tadi. Keyingi kunlarda ekspozitsiyalar Toshkent fotosuratlar uyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi, O‘zbekiston Badiiy galereyasi hamda Ikuo Xirayama nomidagi Xalqaro madaniy karvon-saroyida namoyish etiladi.

Biyennale dasturidan performanslar, mahorat darslari hamda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘rin olgan.

Alohida tadbir sifatida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Charxpalak” ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.

Biyennale 16 oktyabr kuni yakunlanadi.

2024 yilda bo‘lib o‘tgan X Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesida 30 ga yaqin mamlakatdan 40 dan ortiq xorijiy rassom va boshqa ishtirokchilar qatnashgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.