O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Madaniyat

Toshkentda sovet davriga oid noyob mozaikalar saqlanadi

Dilafro'z Niyazova · 14.08.2026 · 11:20 · 25 views
Toshkentda sovet davriga oid noyob mozaikalar saqlanadi
Toshkentda sovet davriga oid noyob mozaikalar saqlanadi / Foto: O'zbekiston Madaniy meros agentligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahri Yunusobod tumanida sobiq sil dispanserining tashqi devorlarida joylashgan noyob mozaik kompozitsiyalarni ehtiyotkorlik bilan demontaj qilish va boshqa joyga ko‘chirish ishlari boshlandi. Mozaikalar Niyozbek yo‘li ko‘chasi 3-tor ko‘chasi, 6-uy manzilida joylashgan bo‘lib, Madaniy meros agentligi tomonidan ularni Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritish uchun nomzod sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

Sobiq sil dispanseri binosi 1972 yilda qurilgan. Obyektda demontaj ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgani munosabati bilan mozaik kompozitsiyalarning yaxlitligi, tarixiy va badiiy qiymatini saqlab qolish maqsadida ularni boshqa hududga ko‘chirishga qaror qilindi.

Madaniy meros agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, mozaikalar XX asrning ikkinchi yarmiga oid monumental sanʼatning noyob namunalaridir. Ularning badiiy qiymati kompozitsion yechim xususiyatlari, ranglarning uyg‘unligi va tasvirlar mavzusi bilan bog‘liq.

Mozaikalarda inson, tabiat, mehnat, bunyodkorlik, ilm-fan va tinchlik g‘oyalari badiiy talqinda aks ettirilgan. Tasvirlarni yaratishda turli rangdagi smalta va mozaikaning boshqa elementlaridan foydalanilgan.

Kompozitsiyalarni ko‘chirish ularni o‘z davri monumental sanʼati namunalari sifatida saqlab qolish va kelajak avlodlarga yetkazish imkonini berishi kerak.