Toshkentda muqobil turizmni rivojlantirish muhokama qilindi

Toshkentda muqobil turizmni rivojlantirish muhokama qilindi

Toshkentda muqobil turizmni rivojlantirish muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Muqobil turizm turlarini rivojlantirishning dolzarb muammolari va istiqbollarini muhokama qilish, ilmiy va amaliy tajriba almashish, shuningdek ilmiy, ta’lim va professional hamjamiyatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida joriy yilning 21-may kuni Toshkent shahrida “Muqobil turizm: zamonaviy tendensiyalar va kelajak istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti va Toshkent davlat agrar universiteti tomonidan hamda “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida tashkil etildi. Konferensiya O‘zbekiston Respublikasida turizmni barqaror rivojlantirish hamda yangi turizm yo‘nalishlarini joriy etishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish doirasida o‘tkazildi. 

Konferensiyada tadqiqotchilar, yosh olimlar, doktorantlar, oliy ta’lim muassasalari vakillari, turizm industriyasi mutaxassislari, davlat hokimiyati organlari, muzeylar, ilmiy-tadqiqot institutlari, tadbirkorlik subyektlari hamda sohaga oid yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalar, shuningdek, Turkiya, Italiya, Iordaniya, Xitoy, Malayziya, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston va boshqa davlatlardan ekspertlar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar diqqat markazida geologik, sanoat, agrar, astronomik va arxeologik turizm yo‘nalishlarini turistik mahsulotni diversifikatsiya qilish, hududlarni barqaror rivojlantirish hamda tabiiy va tarixiy-madaniy merosni asrash vositasi sifatida rivojlantirish masalalari bo‘ldi.

Tadbir doirasida turizm va mehmondo‘stlik sohasi tadbirkorlik subyektlari faoliyatida zamonaviy yondashuvlarni amaliy qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muhokama qilingan tashabbuslar va ilmiy ishlanmalar turizm biznesi, mehmonxona sohasi, agroturizm majmualari, ekskursiya tashkilotlari hamda startaplar vakillariga raqobatbardosh turistik mahsulotlarni shakllantirish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, xorijiy va mahalliy turistlarni jalb etish, hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun yangi imkoniyat va vositalarni taqdim etadi.

Konferensiyada taqdim etilgan amaliy keyslar va xalqaro tajriba innovatsion boshqaruv modellari hamda turistik destinatsiyalarni barqaror rivojlantirish mexanizmlarini joriy etishga xizmat qiladi.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha ilmiy maqolalar to‘plami chop etiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling