Tanzila Narbaeva Oʻzbekistonning taniqli sanʼatkorlarining oilalariga ordenlarni topshirdi
Tanzila Narbaeva Oʻzbekistonning taniqli sanʼatkorlarining oilalariga ordenlarni topshirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Farmoniga binoan mamlakatimizda madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum ijodkorlar yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Prezident Farmoni bilan vafotidan so‘ng davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan taniqli madaniyat va sanʼat namoyandalari, yozuvchi va shoirlarning oila aʼzolari xonadonlariga tashrif buyurdi.
Iliq va samimiy muhitda Senat Raisi “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Buyuk xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati” hamda “Do‘stlik” ordenlarini:
O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, aktrisa Manzura Hamidova;
O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, aktyor G‘ani Aʼzamov;
O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, aktyor Obidjon Yunusov;
O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, aktrisa Zaynab Sadriyeva;
O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, aktyor O‘lmas Alixo‘jayev;
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, aktyor Jamshid Zokirov;
xonanda va sozanda Rasulqori Mamadaliyevning oila aʼzolariga topshirdi.
Tashrif davomida marhum ijodkorlarning mamlakatimiz maʼnaviy hayoti, milliy madaniyat va adabiyotni rivojlantirish, yosh avlod tarbiyasi hamda jamiyatda ezgulik, mehr-oqibat va vatanparvarlik qadriyatlarini mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlari alohida eʼtirof etildi.
Samimiy uchrashuvlarda Senat Raisi davlat mukofotlarini taqdirlangan marhumlarning oila aʼzolariga topshirdi hamda ularga chuqur hurmat va minnatdorlik izhor etdi.
O‘z navbatida, marhum ijodkorlarning yaqinlari Davlatimiz rahbariga ularning mehnati va xizmatlari yuksak qadrlangani, mamlakatimizda ijod ahli xotirasiga ko‘rsatilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdi.