Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda oliy taʼlim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, startaplar, shuningdek, hokimlarning raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchilari ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar uchun Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan bepul yoki imtiyozli shartlarda foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Tegishli nizom 2026 yil 20 oktyabrdagi 581-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Katta til modellari texnologiyasidan foydalanadigan loyihalarga dasturiy interfeys orqali olti oygacha bepul foydalanish imkoniyati beriladi. Bunda bir kalendar oy davomida 10 milliontagacha tokenni qayta ishlash mumkin bo‘ladi.
Agar bir oy ichida belgilangan limitdan oshilsa, qo‘shimcha 50 milliontagacha token uchun 50 foizlik chegirma bilan belgilangan tariflar asosida to‘lov amalga oshiriladi. Foydalanilmagan tokenlar keyingi oylarga o‘tkazilmaydi.
Katta til modellariga kirmaydigan sunʼiy intellekt modellarini o‘qitish, testdan o‘tkazish, validatsiya qilish, baholash va inferens jarayonlari uchun foydalanuvchining arizasi asosida olti oygacha bo‘lgan muddatga ko‘pi bilan 120 GB videoxotira ajratiladi.
Imtiyozli foydalanish imkoniyati beriladigan loyihalar tanlov asosida saralanadi. Tanlov yiliga ikki marta — iyul va noyabr oylarida o‘tkaziladi. Arizalar 100 ballik tizim asosida baholanadi.
Tanlov natijalariga rozi bo‘lmagan ishtirokchilar natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida apellyatsiya komissiyasiga elektron shaklda shikoyat yuborishi mumkin. Shikoyat besh ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Bir foydalanuvchi bir vaqtning o‘zida bittadan ortiq loyihani amalga oshira olmaydi.
Foydalanuvchilarga olingan maʼlumotlarni nizomda nazarda tutilmagan maqsadlarda qayta ishlash, ularni uchinchi shaxslarga berish, nusxalash, tarqatish yoki tijorat maqsadlarida ishlatish taqiqlanadi. Qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha qoida belgilangan holatlar bundan mustasno.