O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Madaniyat

Qatarda «O‘zbekiston: harakatdagi meros» ko‘rgazmasi ochildi

Dilafro'z Niyazova · 03.09.2026 · 20:30 · 28 views
Qatarda «O‘zbekiston: harakatdagi meros» ko‘rgazmasi ochildi
Qatarda «O‘zbekiston: harakatdagi meros» ko‘rgazmasi ochildi / Foto: O'zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qatar Islom sanʼati muzeyida O‘zbekiston tarixi va madaniy merosini namoyish etuvchi «O‘zbekiston: harakatdagi meros» ko‘rgazmasi ochildi.

Ko‘rgazmani O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va shayxa Al-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Ol Soniy ochib berdi.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston muzeylari va Qatar kolleksiyalaridan jamlangan noyob eksponatlar o‘rin olgan. Ekspozitsiya islomgacha bo‘lgan davrdan to zamonaviylikkacha bo‘lgan tarixiy davrni qamrab olib, Somoniylar va Temuriylar davriga oid materiallarni ham o‘z ichiga olgan.

Ekspozitsiyaning alohida bo‘limlari anʼanaviy hunarmandchilik va to‘qimachilik sanʼatiga bag‘ishlangan. Namoyishga qo‘yilgan eksponatlar Qatar aholisi va mehmonlariga O‘zbekiston tarixi hamda madaniy merosi bilan tanishish imkonini beradi.

Saida Mirziyoyeva ko‘rgazma mamlakat merosini Qatar auditoriyasiga namoyish etish uchun muhim imkoniyat bo‘lganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tadbir O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi yana bir qadamdir.

Shu kuni Qatarda «Ektashif Uzbekistan» ko‘rgazmasi ham ochildi. U Qatarlik yetti nafar hunarmandning Toshkent, Samarqand va Buxoroga qilgan sayohati natijasida tashkil etildi.

Sayohat davomida ishtirokchilar O‘zbekiston madaniyati va anʼanalari bilan tanishdi. Keyinchalik ushbu taassurotlar ularning ijodiy ishlarida o‘z aksini topdi. Ko‘rgazmada ular tomonidan yaratilgan zargarlik buyumlari, qadimiy xattotlik uslubida bitilgan matnlar va gilamlar namoyish etilmoqda.

Shuningdek, Qatar hunarmandlari O‘zbekiston bo‘ylab sayohat davomida olgan fotosuratlarini ham taqdim etdi.

Har ikki ko‘rgazma Qatar aholisini O‘zbekistonning madaniy merosi bilan yana-da kengroq tanishtirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan.