O‘zbekiston va Germaniya moliyaviy-texnik hamkorlik va 2026-yilda muzokaralarga tayyorgarlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 8-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Germaniya Federativ Respublikasi bilan moliyaviy-texnik hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan hukumatlararo maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiyalarga vazir o‘rinbosari Shoxrux Gulamov va Germaniya iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) vakili Karolina Probst raislik qildilar.
Tomonlar hamkorlikning bugungi holatini va istiqbollarini muhokama qilib, O‘zbekiston–Germaniya munosabatlarining strategik xarakterga ega ekanini ta’kidladilar.
Qayd etilishicha, KfW bilan umumiy loyiha portfeli 3,8 milliard yevroni tashkil etadi, shundan 280 million yevro grant mablag‘laridir. Shu bilan birga, GIZ bilan hamkorlik davlat boshqaruvi, ta’lim va iqlim barqarorligi sohalaridagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Loyihalarni kelishish va amalga oshirish jarayonlarining samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston tomoni Germaniya tomonidan ushbu jarayonlarni soddalashtirish tashabbusini ijobiy baholadi.
Maslahatlashuvlarda barqaror rivojlanish, kasbiy ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va “yashil” energetika sohalaridagi hamkorlik ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Uchrashuv yakunlari 2026-yilgi hukumatlararo muzokaralarga tayyorgarlik boshlanganini hamda O‘zbekiston–Germaniya hamkorligining yangi bosqichiga kirilganini ko‘rsatdi.