O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Texnologiyalar

Oʻzbekiston va Yaponiya raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

UzDaily tahririyati · 07.07.2026 · 21:45 · 37 views
Oʻzbekiston va Yaponiya raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Yaponiya raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov Yaponiya biznes federatsiyasi (Keidanren) huzuridagi Yaponiya va MDH mamlakatlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamkorligi qo‘mitasi raisi Takeshi Hashimoto boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Yaponiyada axborot texnologiyalari mutaxassislariga bo‘lgan yuqori talabni inobatga olgan holda, O‘zbekistonda xalqaro standartlarga mos malakali kadrlar tayyorlash, ularning salohiyatini xalqaro mehnat bozoriga yo‘naltirish hamda Yaponiyaga AT xizmatlari eksportini kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, delegatsiyaga O‘zbekistonda ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari (Data Center)ni tashkil etish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish va yirik texnologik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli iqtisodiyot, AT xizmatlari eksporti, raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda inson kapitalini yuksaltirish yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.