Oʻzbekiston va Turkiya turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Turkiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ufuk Ulutash bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikning bugungi holati, o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish, turoperatorlar va aviakompaniyalar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy va targ‘ibot loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, O‘zbekistonlik mehmonxona sohasi mutaxassislari uchun Istanbul va Antaliya shaharlarida malaka oshirish va tajriba almashish dasturlarini tashkil etish, Kappadokiya universiteti bilan ta’lim va ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida turizm tashkilotlari, turoperatorlar, aviakompaniyalar, ta’lim muassasalari va turizm agentliklari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma forumlar, B2B uchrashuvlari va investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunida Turkiya turizm sohasi vakillari 2026-yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Ipak yo‘lida turizm” xalqaro turizm yarmarkasida milliy stend bilan ishtirok etishga taklif qilindi.