O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Texnologiyalar

Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, DataVolt va Oracle kompaniyalari bulutli infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha memorandum imzoladilar

UzDaily · 20.06.2026 · 12:18 · 31 views
Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, DataVolt va Oracle kompaniyalari bulutli infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha memorandum imzoladilar

Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, DataVolt va Oracle kompaniyalari bulutli infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha memorandum imzoladilar

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov DataVolt kompaniyasi bosh ijrochi direktori Rajit Nanda hamda Oracle Cloud kompaniyasining Markaziy Osiyo, Markaziy Yevropa va Balqon bo‘yicha sotuv direktori Kristian Obando bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda zamonaviy raqamli infratuzilmani rivojlantirish, yirik data-markazlar barpo etish, bulutli texnologiyalarni joriy etish hamda mamlakatning mintaqaviy raqamli xab sifatidagi salohiyatini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar Oracle va DataVolt ishtirokida O‘zbekistonda yuqori texnologik raqamli infratuzilmani shakllantirish, davlat va xususiy sektor uchun zamonaviy bulutli yechimlarni kengaytirish, shuningdek, mamlakatga xalqaro AT-kompaniyalar va investorlarni jalb etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.

Muloqot chog‘ida loyihalarni amalga oshirishning texnik va tashkiliy jihatlari, jumladan, data-markazlar faoliyati uchun zarur infratuzilma, energetika ta’minoti, axborot xavfsizligi talablari hamda xalqaro standartlarga muvofiqlik masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, loyihalarni amalga oshirish natijasida yangi yuqori malakali ish o‘rinlarini yaratish va mahalliy mutaxassislarning xalqaro loyihalarda ishtirokini kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oracle va DataVolt kompaniyalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha uch tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi.

Memorandum doirasida tomonlar xavfsiz, ishonchli va kengayib boruvchi bulutli infratuzilmani rivojlantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy data-markazlar ekotizimini shakllantirish hamda O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy texnologik xab sifatidagi o‘rnini mustahkamlash yo‘nalishlarida hamkorlik qiladi.

UzDaily · 👁 31 views · 20.06.2026 · 12:18