O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Texnologiyalar

Oʻzbekiston Raqamli rivojlanish vazirligi Group-IB bilan kiberxavfsizlikni rivojlantirishni muhokama qildi

UzDaily tahririyati · 04.07.2026 · 18:15 · 30 views
Oʻzbekiston Raqamli rivojlanish vazirligi Group-IB bilan kiberxavfsizlikni rivojlantirishni muhokama qildi

Oʻzbekiston Raqamli rivojlanish vazirligi Group-IB bilan kiberxavfsizlikni rivojlantirishni muhokama qildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov kiberxavfsizlik sohasida faoliyat yurituvchi Group-IB kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda kiberxavfsizlik tizimini yanada takomillashtirish, davlat va xususiy sektorning kiberbarqarorligini oshirish, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, raqamli gigiyena madaniyatini shakllantirish hamda mazkur yo‘nalishda kadrlar salohiyatini yuksaltirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida Group-IB mutaxassislari kiberxavflar, moliya sohasiga qaratilgan hujumlar hamda ularning oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi. Muzokaralar chog‘ida raqamli transformatsiya jarayonlarining jadallashuvi bilan bir qatorda axborot tizimlari xavfsizligini ta’minlash masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan kiberxavflarni barvaqt aniqlash, xavfsizlik yechimlarini joriy etish, biznes jarayonlarining uzluksizligini ta’minlash hamda tashkilotlarga konsalting xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuvda aholi va mutaxassislar o‘rtasida raqamli gigiyena hamda kibersavodxonlikni oshirishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Bu borada oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda kiberxavfsizlik bo‘yicha muntazam o‘quv dasturlari, malaka oshirish kurslari va sertifikatlash tizimlarini yo‘lga qo‘yish, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi.

Group-IB kompaniyasi vakillari Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan o‘tkazilgan uchrashuv O‘zbekistondagi kiberxavfsizlik sohasidagi dolzarb tahdidlarni ochiq muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘lganini ta’kidladilar.

Ularning fikricha, muloqot nafaqat mavjud muammolarni, balki mamlakatning kiberbarqarorligini mustahkamlashga qaratilgan strategik yondashuvlarni ham qamrab olgani alohida ahamiyatga ega.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda kiberxavfsizlik ekotizimini yanada rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mazkur sohadagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.