Oʻzbekiston Kannda rebate-dasturini taqdim etdi

Oʻzbekiston Kannda rebate-dasturini taqdim etdi

Oʻzbekiston Kannda rebate-dasturini taqdim etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — ​2026–yilning 12-20-may kunlari bo‘lib o‘tayotgan 79-Kann xalqaro kinofestivali “Marché du Film” kinobozorida O‘zbekiston 25 foizli “Rebate” va “Country Placement” dasturlarini e’lon qildi.

Nufuzli festival doirasida o‘tkazilayotgan kinobozorda to‘rtinchi bor O‘zbekiston milliy paviloni ishga tushirilib, unda O‘zbekistonda xorijiy film va teleloyihalar suratga olish imkoniyatlari hamda mamlakatdagi kinolokatsiyalar taqdim etildi. O‘zbekiston milliy paviloniga Yevropa, AQSH, Kanada, Avstraliya va Osiyo mamlakatlarining 100 dan ortiq prodakshn va distributsiya kompaniyalari vakillari tashrif buyurdi. Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi kinobozor dasturidan o‘rin olgan tadbirlarda kinoturizmi rivojlangan mamlakatlar, xususan, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Malta, Marokash, Yaponiya tajribasi bilan tanishmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida tashkil etilgan pavilon faoliyati kinoturizm, ya’ni katta auditoriyaga namoyish etiladigan filmlarda O‘zbekistonni namoyish etish orqali mamlakatga ko‘proq sayyohlarni jalb qilish maqsad qilingan. 

O‘zbekistonda film, reklama roliklari, televizion hamda ijtimoiy media loyihalari bilan tashrif buyurishga, ayniqsa, Fransiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yaponiya, Kanada, AQSH, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari prodyuserlari qiziqish bildirmoqda. 

Jumladan, Fransiyaning “Okino Films prodakshn” kompaniyasi prodyuseri, ssenariynavis, rejissyor Kventin Klosan o‘zining ilmiy fantastika janridagi filmi uchun Surxondaryo viloyati lokatsiyalarini tanlab, ssenariyni moslashtirishi mumkinligini bildirdi. 

Surxondaryo viloyati, xususan, uning Boysun tumanida joylashgan Boybuloq g‘ori italiyalik hujjatli film ustalari Alessandro Beltrame va Alessiya Valenti e’tibori markazida bo‘ldi. Butun dunyo bo‘ylab g‘orlar to‘g‘risida hujjatli filmlar tasvirga olib, “Amazon Prime” platformasida omma e’tiboriga havola qiladigan ijodkorlar Osiyodagi eng chuqur g‘orda 2027-yilda suratga olish ishlarini amalga oshirish istagini bildirdi. Hujjatli film badiiy elementlarni o‘z ichiga olib, hikoya Iskandar Zulqarnayn devori siri kontekstida ochib beriladi. “Beltrame” O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi tomonidan ko‘rsatiladigan amaliy, tashkiliy yordam hamda rebeyt dasturi borligidan mamnunligini bildirdi. 

Buyuk Britaniyaning “Fact Not Fiction Films” kompaniyasi ijrochi direktori Tristan Loreyn O‘zbekistonda aviatsiya mavzusida film suratga olish g‘oyasini taqdim etdi. Sobiq aviatsiya kapitani bo‘lgan, oxirgi 20 yilda esa 30 dan ortiq filmlar suratga olib kelayotgan Tristan Loreyn O‘zbekistondagi rebeyt dasturi jozibali ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, sodda va tez ishlaydigan mexanizmga asoslanishi mamlakat kinoturizmi rivojiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijobiy ta’sir qiladi. 

Yaponiyalik prodyuser Yusuke Kamata xalqaro film loyihalarini suratga olishni rejalashtirganda O‘zbekistondagi imkoniyatlarni hisobga olishini bildirdi. Yusuke Kamata Yaponiyadagi eng oldi prodyuserlardan hisoblanib, u “HBO Max” striming platformasining “Tokyo Vice” (2022) filmiga, qolaversa, “Netflix”ning “Missing: The Lucy Blackman Case” hamda “Fugitive: The Curious Case of Carlos Ghosn” xitlariga mahalliy prodyuser bo‘lgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi Venetsiya biyenallesi Venice Production Bridge kinobozori rahbari Paskal Diot, Amerika kinobozori vakili Robin Burt, Londondagi “FOCUS” lokatsiyalar bozori koordinatori Klara Le, Hindiston prodyuserlari xalqaro konklavi tashkiloti direktori Harshad Bhargvat, “Deadline Hollywood” jurnalining strategik hamkorlik bo‘yicha rahbari Selin Rotterman, “Ecran Total” jurnali direktori Piyer Abuchala, “Variety” jurnali vitse-prezidenti Denis Parkinson, “Screen International” media guruhi tijoriy direktori Skott Benfoldlar bilan “Film in Uzbekistan” (O‘zbekistonda tasvirga oling) kampaniyasini amalga oshirish, yanada ko‘proq kinoinvestorlar e’tiborini O‘zbekistonga qaratish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazdi. 

Shuningdek, Malta san’at kengashi va kinokomissiyasi bilan tajriba almashish bo‘yicha suhbatlashdi. Maltaliklar O‘zbekiston milliy kinokomissiyasini kinoturizmi dunyoda eng rivojlanganlaridan bo‘lgan ushbu mamlakat bo‘lmish Maltaga tajriba o‘rganish safariga (study tour) taklif qildi.

Rebeyt dasturlari so‘nggi yillarda jahon kinoindustriyasida yetakchi tasvirga olish manzillarini belgilab beruvchi asosiy omilga aylanib, bugungi kunda 100 dan ortiq mamlakat va hududda joriy qilingan.

Bu borada O‘zbekiston 2026 yildan boshlab “Global Country Placement” dasturini ham e’lon qildi. Bunday yondashuv jahonda o‘z samarasini allaqachon ko‘rsatgan: Meksika 2015 yildagi “Spectre” Bond filmning ochilish sahnasida Mexiko shahri butun dunyoga namoyish etilgan, Yangi Zelandiya esa “The Lord of the Rings” trilogiyasidan so‘ng o‘zini “O‘rta Zamin” sifatida brendlashtirib, kino ta’siridagi sayyohlar sonini sezilarli oshirgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling