Oʻzbekiston HAUS va ESTDEV bilan raqamli hukumat va GovTechni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Oʻzbekiston HAUS va ESTDEV bilan raqamli hukumat va GovTechni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov HAUS Finlandiya davlat boshqaruvi instituti hamda ESTDEV (Estonian Centre for International Development) tashkilotlari vakillari bilan qo‘shma uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida davlat xizmatlarini raqamlashtirish, integratsiyalashgan raqamli hukumat tizimlari, xavfsiz ma’lumot almashinuvi, raqamli identifikatsiya va GovTech ekotizimlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, davlat sektorida raqamli transformatsiyani jadallashtirish, fuqarolar uchun davlat xizmatlarini soddalashtirish hamda aholiga yo‘naltirilgan raqamli xizmatlarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Dastlab HAUS va ESTDEV vakillari Yevropa Ittifoqi doirasida amalga oshirilayotgan xalqaro raqamli transformatsiya loyihalari, elektron hukumat, ma’lumotlar boshqaruvi va innovatsion ekotizimlarni rivojlantirish bo‘yicha tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar.
Muzokaralar davomida sun’iy intellektni davlat xizmatlariga joriy etish, aholining raqamli savodxonligini oshirish hamda kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston tomoni mamlakatda amalga oshirilayotgan sun’iy intellekt strategiyasi fuqarolar manfaatlariga xizmat qilishi, davlat xizmatlarini yanada qulaylashtirish hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilganini ta’kidladi.