Oʻzbekiston birinchi marta D2D sunʼiy yoʻldosh aloqasini sinovdan oʻtkazmoqda

Oʻzbekiston birinchi marta D2D sunʼiy yoʻldosh aloqasini sinovdan oʻtkazmoqda

Oʻzbekiston birinchi marta D2D sunʼiy yoʻldosh aloqasini sinovdan oʻtkazmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “GSMA M360 Eurasia” xalqaro forumi doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov global sun’iy yo‘ldosh va raqamli aloqa yechimlariga ixtisoslashgan Viasat kompaniyasining mintaqaviy vitse-prezidenti Hilmi Tekinsoy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog'ida O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh aloqa texnologiyalarini rivojlantirish, chekka hududlarda internet qamrovini kengaytirish hamda telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar ilk bor O‘zbekistonda Viasat sun’iy yo‘ldoshi orqali mobil aloqa qurilmasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sun’iy yo‘ldosh xabarlarini uzatish bo‘yicha D2D texnologiyasi sinov namoyishini o‘tkazdilar. Uchrashuvda ushbu texnologiyaning imkoniyatlari va texnik xususiyatlari yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Shuningdek, mamlakatda pilot loyihalarni amalga oshirish, dastlab ayrim hududlarda sinov tariqasida joriy etish va keyinchalik ushbu yechimlarni respublika miqyosida kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Loyihalarni vazirlik rahbarligida milliy operatorlar va mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshirish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Muzokaralar davomida Viasat kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston uchun istiqboldagi milliy sun’iy yo‘ldosh yechimlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi. Kompaniya vakillari bunday loyiha O‘zbekistonning kosmik texnologiyalar yo‘nalishidagi salohiyatini oshirish, shuningdek, nafaqat mamlakat hududi, balki qo‘shni mintaqalarni ham qamrab olish imkonini berishini qayd etdilar.

Shu bilan birga, Viasat o‘zining global sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i bilan integratsiyalashgan yechimlarni taklif etib, turli mamlakatlarda terminallar va qurilmalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash imkoniyatlarini taqdim etdi.

Kompaniya vakillari ushbu texnologiyalar yuqori ishonchlilik darajasiga ega ekanini hamda milliy xavfsizlik va tartibga solish talablariga to‘liq mos ravishda joriy etilishini ta’kidladilar.

Muzokaralar yakunida tomonlar raqamli infratuzilma, sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari va innovatsion telekommunikatsiya xizmatlari yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling