O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Texnologiyalar

O‘zbekistonning Cerberus startapi TechCrunch Startup Battlefield 2026 mintaqaviy finalida g‘olib bo‘ldi

Dilafro'z Niyazova · 13.08.2026 · 21:25 · 24 views
O‘zbekistonning Cerberus startapi TechCrunch Startup Battlefield 2026 mintaqaviy finalida g‘olib bo‘ldi
O‘zbekistonning Cerberus startapi TechCrunch Startup Battlefield 2026 mintaqaviy finalida g‘olib bo‘ldi / Foto: IT Park.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Cerberus startapi Road to TechCrunch Startup Battlefield 2026 mintaqaviy finalida birinchi o‘rinni egallab, mamlakat startup ekotizimi uchun navbatdagi muhim xalqaro natijani qayd etdi. G‘alaba evaziga Cerberus Markaziy Yevroosiyo nomidan 2026-yil 13–15-oktabr kunlari San-Fransiskoda bo‘lib o‘tadigan TechCrunch Startup Battlefield 200 finalida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Bu yil dasturda ishtirok etish uchun 39 mamlakatdan 726 ta ariza kelib tushdi. Milliy saralash bosqichlari yakuniga ko‘ra, 22 ta eng istiqbolli startup mintaqaviy finalga yo‘l oldi. O‘zbekiston nomidan Cerberus, MoliyAI, Sino AI, Deepen, Fermopolis va Oqim App kabi oltita loyiha ishtirok etdi.

Mintaqaviy final 12-avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Eng kuchli uchlikdan, shuningdek, Qozog‘istonning WeGlobal AI va Yaponiyaning LOOQ startaplari joy oldi. Ular Cerberus bilan birgalikda tanlovning global bosqichiga yo‘llanma oldi.

Cerberus — sun’iy intellekt yordamida korporativ IT-tizimlardagi zaifliklarni avtomatik aniqlashga mo‘ljallangan kiberxavfsizlik yechimi. Loyiha AI yordamida xavfsizlik tekshiruvlarini avtomatlashtirish, shuningdek, sun’iy intellekt harakatlarini belgilangan doirada boshqarish imkonini beruvchi texnologiyalarni ishlab chiqmoqda. 2026-yilda startup xalqaro 500 Global venchur fondidan ham investitsiya jalb qilgan.

G‘oliblar umumiy qiymati 100 000 AQSh dollarini tashkil etuvchi investitsion mukofot jamg‘armasini qo‘lga kiritadi. Mablag‘ uchta sovrinli o‘rin o‘rtasida taqsimlanadi: birinchi o‘rin uchun — 50 000 dollar, ikkinchi o‘rin uchun — 30 000 dollar, uchinchi o‘rin uchun esa — 20 000 dollar. Investitsiyalar Astana Hub Ventures, IT Park Ventures va Silkroad Innovation Hub tomonidan taqdim etiladi.

Bundan tashqari, OpenAI ham xuddi shu nisbatda jami 100 000 AQSh dollari miqdorida API kreditlari ajratadi. Kuchli uchlik TechCrunch Startup Battlefield 200 sahnasida chiqish qilish, TechCrunch Disrupt 2026 ko‘rgazma maydonida tadbirning barcha uch kuni davomida o‘z loyihalarini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, har bir jamoaning ikki nafar a’zosi uchun San-Fransiskoga aviachipta va bir haftagacha yashash xarajatlarini o‘z ichiga olgan to‘liq moliyalashtirilgan safar taqdim etiladi.

Global bosqichda Cerberus jamoasi o‘z texnologik yechimini xalqaro investorlar, venchur fondlari va global texnologik hamjamiyat vakillariga taqdim etadi. Startup Battlefield butun dunyodan istiqbolli, erta bosqichdagi startaplarni birlashtirib, ularga xalqaro investorlar e’tiborini jalb qilish va global bozorda o‘zini namoyon etish imkoniyatini taqdim etadi.