O‘zbekistonda sunʼiy intellekt bo‘yicha 200 ta loyiha rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda sunʼiy intellekt bo‘yicha 200 ta loyiha rejalashtirilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda yaqin ikki yil ichida sunʼiy intellekt sohasida taxminan 200 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Innoprom. Markaziy Osiyo» xalqaro ko‘rgazmasi doirasidagi sessiyada maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etishning asosiy yo‘nalishlari sog‘liqni saqlash, taʼlim, transport, energetika, shuningdek bank sektori va bojxona jarayonlarini qamrab oladi. Hozirgi kunda mamlakatda 100 dan ortiq shunday tashabbuslar amalga oshirilmoqda va 2027 yil oxirigacha ular sonini ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan.
Taʼkidlanishicha, eʼtibor yirik va qimmat loyihalarga emas, balki amaliy va tatbiqiy yechimlarga qaratilmoqda. Odatda bunday ishlanmalar bir nechta modellarni birlashtirib, yagona mahsulotni shakllantiradi. O‘rtacha joriy etish qiymati 200–300 ming AQSH dollari atrofida baholanmoqda va ularning qoplanish muddati bir yildan uch yilgacha etib belgilanmoqda.
Alohida eʼtibor inson kapitali va taʼlim dasturlarini rivojlantirishga qaratilmoqda. Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda Five Million Uzbek AI Prompters tashabbusi amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, 2030 yilgacha taxminan 4,75 million o‘quvchi va talaba, 150 ming o‘qituvchi va 100 ming davlat xizmatchisi sunʼiy intellekt sohasida tayyorlanadi.
2024 yil oktyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2030 yilgacha sunʼiy intellektni rivojlantirish strategiyasini tasdiqlagan edi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston sunʼiy intellektga tayyorlik indeksi bo‘yicha dunyodagi 50 ta yetakchi davlat qatoriga kirishi hamda II yechimlari va xizmatlari bozori hajmini 1,5 milliard AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilgan.