Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda sunʼiy intellekt texnologiyalarini o‘rganish va zamonaviy raqamli ko‘nikmalarni egallash imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Bu haqda ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida o‘tkazilgan Digital Education Forum 2026: Threats of AI on Education and Employment forumida maʼlum qilindi.
Tadbirda IT Park Uzbekistan‘ning AI va R&D yo‘nalishi rahbari Umida Odilova ishtirok etib, «Join the AI Game» taqdimotini o‘tkazdi. Chiqish davomida sunʼiy intellekt, mashinali o‘qitish, bulutli texnologiyalar va maʼlumotlar bilan ishlashni o‘rganish uchun amaldagi taʼlim dasturlari hamda yangi imkoniyatlar taqdim etildi.
«5 Million AI Leaders» dasturi doirasida AI, machine learning, cloud va data yo‘nalishlari bo‘yicha bepul onlayn kurslarga allaqachon 1,3 million kishi ro‘yxatdan o‘tgan.
Shu bilan birga, mamlakat universitetlarida sunʼiy intellekt laboratoriyalari rivojlantirilmoqda. «Al-Khwarizmi Successors» dasturi doirasida AI va dasturlash bo‘yicha 8 ming nafar o‘quvchi taʼlim oldi yoki hozirda o‘qishni davom ettirmoqda.
Xalqaro texnologik hamkorlar bilan hamkorlik ham kengaytirilmoqda. AWS Academy dasturlari O‘zbekistonning 10 dan ortiq universitetida ishga tushirilgan bo‘lib, sunʼiy intellekt, mashinali o‘qitish, bulutli texnologiyalar, maʼlumotlarni tahlil qilish va kiberxavfsizlik yo‘nalishlari bo‘yicha yiliga 2 mingdan ortiq talabani tayyorlashga mo‘ljallangan.
Samsung Innovation Campus sunʼiy intellekt, Big Data, narsalar interneti va dasturlash bo‘yicha amaliy tayyorgarlikni taqdim etadi.
Jahon banki ko‘magida Digital Inclusion loyihasi doirasida bepul taʼlimning birinchi bosqichini 400 kishi tamomladi.
Hozirda 600 nafar ishtirokchi uchun yangi qabul boshlanmoqda. Toshkentda ular AI va machine learning, Farg‘onada game development, Namanganda 2D/3D modellashtirish, Samarqandda esa cloud engineering yo‘nalishlarini o‘rganishi mumkin.
Taqdim etilgan tashabbuslar sunʼiy intellekt sohasida taʼlim olish imkoniyatlarini yana-da kengaytirish hamda yoshlar va mutaxassislarda global texnologik bozorda talab yuqori bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan.