Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 8 oktyabr kuni Impact Team 2050 xalqaro dasturi doirasida milliy yoshlar yadro muloqoti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda dasturning matbuot relizida maʼlum qilindi.
Milliy yoshlar muloqotlari 1 sentyabrdan 30 oktyabrga qadar 15 ta mamlakatda o‘tkazilmoqda. Ularda maktab o‘quvchilari, talabalar, yosh olimlar va mehnat faoliyatini endi boshlagan mutaxassislar ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar bilim va amaliy tayyorgarlikdan foydalanish imkoniyatlari, kasbiy o‘sish istiqbollari hamda yadro texnologiyalariga jamoatchilik ishonchi masalalarini muhokama qilmoqda.
To‘plangan takliflar atom sanoati va u bilan bog‘liq kasblarning jozibadorligini oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasiga kiritilishi kerak.
Dastur doirasidagi dastlabki uchrashuvlar sentyabr oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tdi. 22 sentyabr kuni Jakartada milliy muloqot, 24 sentyabr kuni esa Qohirada milliy muloqot o‘tkazildi.
Indoneziyadagi tadbirda 10 ta universitet va maktabdan 60 nafar maktab o‘quvchisi, talaba va yosh olim ishtirok etdi. Muhokamalar yadro texnologiyalarini qishloq xo‘jaligida qo‘llash, shuningdek, tadqiqotlar va innovatsiyalarga bag‘ishlandi.
Qohiradagi birinchi milliy yoshlar yadromuloqoti Katta Qohira hududidan 53 nafar tibbiyot talabasi va intern-shifokorni birlashtirdi. Ishtirokchilar yadro texnologiyalaridan tibbiyotda foydalanish, radiatsiya xavfsizligi, jismoniy himoya hamda kasbiy ixtisoslashuv masalalarini ko‘rib chiqdi.
108 nafar tibbiyot talabasi va intern-shifokor o‘rtasida o‘tkazilgan dastlabki so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 60 foizi maʼlumot yetishmasligini yadro tibbiyoti sohasida ixtisoslashuvni tanlashdagi asosiy to‘siq deb hisoblaydi.
Yana 37 foiz ishtirokchi amaliy tayyorgarlik yetishmasligini, 36 foiz esa kasbiy istiqbollar va ixtisoslashuv yo‘lining noaniqligini ko‘rsatgan. Shu bilan birga, 62 foiz ishtirokchi yadro tibbiyoti bo‘yicha qo‘shimcha bilimlar olish ushbu sohani kasbiy yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqishga tayyorligini oshirishini bildirgan.
Dastur doirasida oktyabr oyida, shuningdek, 8 oktyabr kuni Qirg‘iziston va O‘zbekistonda, 14 oktyabr kuni Efiopiya va Janubiy Afrika Respublikasida, 15 oktyabr kuni Armanistonda, 16 oktyabr kuni Braziliya va Serbiyada, 19 oktyabr kuni Vengriyada hamda 30 oktyabr kuni Ruandada dialoglar o‘tkazish rejalashtirilgan. Misrda muloqotning ikkinchi qismi 15 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Xalqaro dastur yakunlari bo‘yicha yoshlarning takliflari atom sohasidagi kasblarni tanlashda mavjud to‘siqlar ro‘yxati va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalardan iborat yo‘l xaritasiga asos bo‘ladi.
Hujjatni 2026 yil 9–20 noyabr kunlari Antalyada bo‘lib o‘tadigan BMTning COP31 iqlim konferensiyasi doirasida “Rosatom” bosh direktori bilan uchrashuvda taqdim etish rejalashtirilgan.