O‘zbekiston Yevropadan noyob artefaktlarni qaytarmoqda

O‘zbekiston Yevropadan noyob artefaktlarni qaytarmoqda

O‘zbekiston Yevropadan noyob artefaktlarni qaytarmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Yevropadan II–VII asrlarga tegishli to‘qqizta noyob arxeologik topilmani qaytarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ushbu ashyolar avval mamlakat hududidan noqonuniy ravishda olib chiqilgan bo‘lib, xalqaro tergov jarayonida aniqlangan.

Ular orasida qadimiy haykallar boshlari va gipsdan yasalgan freskalar parchalari mavjud bo‘lib, yaqin vaqt ichida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasiga topshirilishi rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, mazkur artefaktlar yuqori tarixiy qiymatga ega bo‘lib, qadimda Baqtriya va Kushon sivilizatsiyalari muhim markazlaridan biri hisoblangan hududning madaniy merosini aks ettiradi.

Ushbu yodgorliklarni aniqlash Inherent Vice kod nomi ostida o‘tkazilgan xalqaro operatsiya doirasida amalga oshirildi. Unda sohaviy ekspertlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan OBSE ishtirok etgan. Artefaktlarning bir qismi sanʼat sohasidagi jinoyatlarni tergov qiluvchi London politsiyasining ixtisoslashgan bo‘linmasi tomonidan taqdim etilgan.

Tarixiy qiymatga ega ashyolarni qaytarish milliy madaniy merosni tiklashga qaratilgan tizimli ishlarning bir qismi hisoblanadi. Ilgari Islom sivilizatsiyasi markazi Britaniya to‘plamlaridan Buxoro va Sheroz ustalari tomonidan yaratilgan XV–XVI asrlarga oid asl sharq miniatyuralarini ham qaytarishga erishgan edi.

Kelgusida markaz Yevropa galereyalari bilan hamkorlikni kengaytirishni, shuningdek Sotheby‘s va Christie‘s kabi yirik xalqaro auksion uylari savdolarida ishtirok etib, O‘zbekiston uchun madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa qimmatli ashyolarni aniqlash va qaytarishni rejalashtirmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling