O‘zbekiston va Pokiston sunʼiy intellekt sohasida hamkorlikni kengaytiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Pokiston davlat vaziri Bilol bin Soqib bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tomonlar raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, IT xizmatlar eksporti, startaplar va investitsiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri Pokistonning raqamli iqtisodiyot sohasidagi salohiyati bo‘ldi. Tomonlar mamlakatning IT mutaxassislari, frilanserlari va texnologik kompaniyalarini o‘z ichiga olgan katta inson kapitalidan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratdi.
Ikki mamlakat vakillari sunʼiy intellekt va maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari sohasida birgalikda ishlash istiqbollarini ham ko‘rib chiqdi. Shuningdek, “yashil” energetika asosidagi loyihalar, jumladan, raqamli infratuzilmani rivojlantirish bilan bog‘liq tashabbuslar muhokama qilindi.
Frilanserlar salohiyatini rivojlantirish ham muhim mavzulardan biri bo‘ldi. Tomonlar mutaxassislar asosan xizmat ko‘rsatuvchi sifatida faoliyat yuritadigan modeldan ularning o‘z startaplari, raqamli mahsulotlari va kompaniyalarini tashkil etishi uchun sharoit yaratishga o‘tish zarurligini taʼkidladi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston va Pokiston startap ekotizimlarini yaqinlashtirish, venchur fondlar va texnologik tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlik qilish, shuningdek, qo‘shma raqamli mahsulotlar yaratish masalalarini muhokama qildi. Istiqbolli yo‘nalishlar qatorida qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va taʼlim uchun texnologik yechimlar yaratish hamda ularni ikki mamlakatning xalqaro bozorlariga olib chiqish imkoniyatlari qayd etildi.
Pokistonning IT kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar ularning mamlakatda faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish va O‘zbekistonni Markaziy Osiyo hamda MDH bozorlariga chiqish maydonchasi sifatida ilgari surish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Ikki mamlakat vakillari IT kompaniyalarini, jumladan, O‘zbekiston hududlariga jalb qilishga qaratilgan «Zero Risk» dasturi imkoniyatlarini ham muhokama qildi. Dastur doirasida kompaniyalarga maʼlum muddatga ofis maydoni, zarur jihozlar, xodimlarni o‘qitish, ayrim xalqaro IT sertifikatlarini olish xarajatlarini qoplash va soliq imtiyozlari taqdim etilishi mumkin.
Muzokaralarning yana bir yo‘nalishi IT xizmatlari o‘zaro eksportini kengaytirish bo‘ldi. Tomonlar pokistonlik mutaxassislarning O‘zbekistondagi loyihalarda ishtirok etishi, mahalliy mutaxassislar bilan tajriba almashishi va ikki mamlakat kompaniyalarining uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda chiqishi uchun sharoit yaratish muhimligini taʼkidladi.
Muzokaralardan so‘ng Pokiston delegatsiyasi IT Park Uzbekistan faoliyati bilan tanishdi. Tashkilot vakillari xorijiy va mahalliy texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, IT sanoatini rivojlantirish, IT xizmatlari eksportini oshirish va startap ekotizimini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Tashrif doirasida delegatsiya UZINFOCOM kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi. Mehmonlarga kompaniyaning yirik raqamli loyihalarni amalga oshirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, zamonaviy axborot tizimlari va raqamli platformalarni ishlab chiqish hamda joriy etish sohasidagi tajribasi taqdim etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston vakillari davlat boshqaruvi va aholiga xizmat ko‘rsatish jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish, axborot tizimlarini integratsiya qilish hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.