Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Koreyaning KT kompaniyasi katta vitse-prezidenti, AI/AX yo‘nalishi rahbari Chon Son Rok bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Tomonlar kompaniya bilan texnologik hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilib, sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, Koreya texnologik kompaniyalarini jalb qilish va qo‘shma R&D loyihalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Muzokaralarning asosiy yo‘nalishlaridan biri O‘zbekistonda KT ishtirokida ixtisoslashtirilgan AI-data-markazlarni tashkil etish imkoniyati bo‘ldi. Tomonlar sunʼiy intellekt sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Startap ekotizimiga ham alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston startaplarining KT K-PATH korporativ akseleratsiya dasturida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Mazkur dastur Koreya texnologik ekotizimi bilan hamkorlik qilish va xalqaro bozorga chiqish uchun qo‘shimcha vosita bo‘lishi mumkin.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonda KT kompaniyasining DX/AX yo‘nalishidagi bo‘linmasini ochish va O‘zbekistondan turib Koreya Respublikasidagi mijozlarga texnologik xizmatlar ko‘rsatish istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Bundan tashqari, KT‘ning hamkor IT-kompaniyalarini mamlakatga jalb qilish va ularning mahalliy ofislarini ochish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Yana bir yo‘nalish sunʼiy intellekt sohasida O‘zbekistonda qo‘shma tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirishni o‘z ichiga olgan R&D sohasidagi hamkorlik bo‘ldi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar bildirilgan tashabbuslarni ishlab chiqishni davom ettirish va har bir yo‘nalish bo‘yicha hamkorlikning amaliy mexanizmlarini qo‘shimcha muhokama qilishga kelishib oldi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni yana-da rivojlantirish va qo‘shma texnologik loyihalarni ishlab chiqishga qaratilgan East Telecom kompaniyasi bilan o‘zaro anglashuv to‘g‘risida ikki memorandum (MoU) imzolandi.
KT Koreya Respublikasining sunʼiy intellekt, raqamli transformatsiya (DX) va AI Transformation (AX) sohalarida yechimlar ishlab chiquvchi eng yirik telekommunikatsiya va raqamli kompaniyalaridan biri hisoblanadi.
Kompaniya, shuningdek, akseleratsiya tashabbuslarini o‘z ichiga olgan texnologik kompaniyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshiradi hamda ularning xalqaro bozorlarga chiqishiga ko‘maklashadi.