O‘zbekiston aholisining deyarli barchasi mobil telefondan foydalanadi
O‘zbekiston aholisining deyarli barchasi mobil telefondan foydalanadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda mobil telefonlardan foydalanuvchi aholi ulushi 99,3 foizga yetdi.
Bu maʼlumotlar 2025 yil yakunlari bo‘yicha Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan uy xo‘jaliklari tanlama kuzatuvlari natijalarida keltirilgan.
Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, ko‘rsatkich 10 yosh va undan katta aholi qatlami uchun hisoblangan. O‘tgan yilga nisbatan mobil telefonlardan foydalanish darajasi 0,2 foiz bandiga oshgan.
So‘nggi besh yil ichida mamlakatda aholining mobil aloqa bilan qamrovi barqaror o‘sish tendensiyasini namoyon etmoqda. Agar 2021 yilda ushbu yosh toifasidagi aholining 95,7 foizi mobil telefonlardan foydalangan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 97,8 foizga yetgan.
2023 va 2024 yillarda mobil telefon foydalanuvchilari ulushi 99,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 99,3 foizga yetdi. Bu esa aholining mobil aloqa bilan deyarli to‘liq qamrab olinganini ko‘rsatadi.