O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Texnologiyalar

Oʻzbekistonda GameDev va animatsiya sanoatini rivojlantirish muhokama qilindi

UzDaily tahririyati · 07.07.2026 · 21:25 · 25 views
Oʻzbekistonda GameDev va animatsiya sanoatini rivojlantirish muhokama qilindi

Oʻzbekistonda GameDev va animatsiya sanoatini rivojlantirish muhokama qilindi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Uzbekistan Creative Association (UZCA) hamkorligida GameDev va animatsiya ekotizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir IT Park Uzbekistan va "Mirzo Ulug‘bek vorislari" o‘quv kurslari ishtirokida tashkil etildi.

Davra suhbatida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, shuningdek, GameDev, animatsiya, VFX va dizayn yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan studiyalar, IT kompaniyalari, ta’lim muassasalari va kreativ industriya vakillari qatnashdi.

Davra suhbati davomida O‘zbekistonda GameDev va animatsiya sohalarining bugungi holati hamda istiqbollari, mavjud muammolar va ularning amaliy yechimlari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash, studiyalarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro bozorlarga chiqish, investitsiyalarni jalb etish hamda davlat va xususiy sektor hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Vazir o‘z so‘zida iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda GameDev va animatsiya yo‘nalishlarini iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlaridan biriga aylantirish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda xalqaro tajribani joriy etish, eksport salohiyatini oshirish va zamonaviy ekotizimni shakllantirish bo‘yicha izchil ishlar davom ettirilishini qayd etdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘z tajribalari va takliflari bilan o‘rtoqlashib, sohani rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdilar.

Yakunda bildirilgan taklif va tavsiyalar O‘zbekistonda GameDev, animatsiya, VFX va dizayn yo‘nalishlarini tizimli rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda yangi strategik tashabbuslarni ishlab chiqishda muhim asos bo‘lishi ta’kidlandi.