Oʻzbekiston va SINOSURE raqamli loyihalarni muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va SINOSURE raqamli loyihalarni muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va SINOSURE raqamli loyihalarni muhokama qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 14-may kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xitoyning eksport-kredit “SINOSURE” korporatsiyasi rahbari Shen Xetay boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda raqamli transformatsiya, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, AT xizmatlar eksportini kengaytirish, sug'urta va qayta sug'urtaga oid hamkorlikni yo'lga qo'yish hamda texnologik loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Vazir mamlakatimizda AT va telekommunikatsiya sohasini rivojlantirish uchun barcha zarur imkoniyat va mexanizmlar shakllantirilganini ta’kidlab, IT Park Uzbekistan, sohaning sug'urta tashkiloti hisoblangan "ALSKOM SUG'URTA KOMPANIYASI" AJ faoliyatlari, investorlarga yaratilayotgan qulay muhit hamda raqamli iqtisodiyot yo‘nalishidagi islohotlar haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Xitoy texnologik kompaniyalari, xususan Huawei kompaniyasi yuzlab yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlab, O‘zbekistonda boshqa davlatlarga masofaviy xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yganligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, boshqa Xitoy AT kompaniyalari uchun ham mamlakatimizda keng imkoniyatlar mavjud ekani bildirildi.

Dastlab uchrashuvda SINOSURE kompaniyasining eksportni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni sug‘urtalash hamda telekommunikatsiya va yuqori texnologiyalar sohasidagi loyihalarni moliyaviy himoyalash bo‘yicha imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

Tomonlar, shuningdek, banklar, AT kompaniyalar va telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish hamda aholiga sifatli va hamyonbop telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv yakunida raqamli texnologiyalar, telekommunikatsiya va investitsion hamkorlik yo‘nalishlarida aloqalarni yanada kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling