O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Texnologiyalar

Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni raqamli tibbiyotni rivojlantirmoqda

UzDaily tahririyati · 28.07.2026 · 12:55 · 38 views
Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni raqamli tibbiyotni rivojlantirmoqda

Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni raqamli tibbiyotni rivojlantirmoqda / Surat: Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Mamlakatimizda bo‘lib turgan Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri Fahd bin Abdurahmon Al-Jalajil boshchiligidagi delegatsiya Yagona integrator – “Uzinfocom”da bo‘lib, yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yechimlarini amaliyotga keng joriy etish borasidagi ishlar bilan tanishdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vazirligi, SEHA Virtual Hospital, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Uzinfocom” hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamkorligida Xalqaro ko‘p tarmoqli virtual kardiologiya komissiyasi faoliyatiga start berildi.

Mazkur tashabbus ikki davlat o‘rtasida tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, murakkab klinik holatlarni yetakchi mahalliy va xalqaro mutaxassislar ishtirokida masofadan muhokama qilish hamda bemorlarga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Tadbir doirasida ushbu komissiyasining ilk yig‘ilishi ham o‘tkazilib, raqamli texnologiyalar orqali kardiologik kasalliklarni tashxislash va davolashga oid murakkab klinik holatlar yetakchi ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi.

Shuningdek, tomonlar raqamli sog‘liqni saqlash sohasidagi tashabbuslarni izchil amalga oshirish va hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.