Oʻzbekiston va Hindiston gastronomik turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida Hindistonning O‘zbekistondagi Elchixonasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi hamkorligida gastronomik turizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan festival bo‘lib o‘tdi.
Tadbir turizm sohasi vakillari, restoran va mehmonxona biznesi mutaxassislari, sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha ekspertlar hamda zamonaviy gastronomiya yo‘nalishlarini rivojlantirishga qiziquvchi keng jamoatchilikni bir maydonga jamladi.
Festival mahalliy mavsumiy mahsulotlardan tayyorlangan taomlar degustatsiyasi bilan yakunlandi. Ishtirokchilar O‘zbekistonning boy va rang-barang qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hayvon mahsulotlaridan foydalanmasdan ham zamonaviy, muvozanatli va talabgir taomlar yaratish imkonini berishiga amalda guvoh bo‘ldilar.
Mazkur tadbir O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida turizm, gastronomiya hamda barqaror rivojlanish sohalaridagi samarali hamkorlikning yana bir yorqin namunasi bo‘lib, tajriba almashish va mehmondo‘stlik sanoatiga ilg‘or xalqaro amaliyotlarni joriy etishga xizmat qildi.