Oʻzbekiston birinchi marta informatika boʻyicha xalqaro olimpiadaga mezbonlik qilmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Mamlakatimiz 38-Xalqaro informatika olimpiadasiga (IOI 2026) mezbonlik qilmoqda. Bugun Toshkent shahrida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan eng iqtidorli yosh dasturchilarni bir maydonda jamlagan nufuzli xalqaro olimpiadaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E’zozxon Karimova, Xalqaro informatika olimpiadasi Prezidenti Sun Tek Tan, xalqaro tashkilotlar va IT sohasi vakillari, murabbiylar hamda olimpiada ishtirokchilari qatnashdi.
Tadbir davomida olimpiadada ishtirok etayotgan mamlakatlar delegatsiyalari tantanali ravishda sahnaga taklif etilib, tomoshabinlarga tanishtirildi. Turli mamlakatlardan tashrif buyurgan yosh dasturchilarning bir sahnada jam bo‘lishi olimpiadaning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Marosimda so‘zga chiqqan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirokchilarni O‘zbekistonda tarixiy ilk bor o‘tkazilayotgan IOI 2026 bilan qutladi.
“Nima uchun bu olimpiada O‘zbekiston uchun muhim? Chunki so‘nggi yillarda mamlakatimizni IT va sun’iy intellekt markaziga aylantirishga katta e’tibor qaratmoqdamiz. O‘zbekiston, avvalo, o‘zining boy ilmiy va tarixiy merosi bilan mashhur. Buyuk ajdodimiz Muhammad al-Xorazmiyning nomi ‘algoritm’ atamasiga asos bo‘lgan, uning algebra haqidagi asarlari esa ushbu fan rivojiga katta hissa qo‘shgan.
Shu bois, fanning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimiz yurtida bugun dunyoning eng iqtidorli yosh dasturchilarini qabul qilayotganimiz alohida ahamiyatga ega. Sizlarni O‘zbekiston tarixiga, ajdodlarimizning ilm-fan va texnologiyalar rivojiga qo‘shgan hissasiga yanada chuqurroq nazar tashlashga taklif qilaman”, – dedi vazir.
Shuningdek, Xalqaro informatika olimpiadasi Prezidenti Sun Tek Tan ham olimpiadaning O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani, uning ishtirokchilar uchun ahamiyati va xalqaro hamjamiyatdagi o‘rniga to‘xtaldi.
“IOI tashkil etilganida uning vazifasi oddiy, ammo chuqur mazmunga ega edi. Iqtidorli yoshlarni kashf etish, ularni informatika sohasida yuksak natijalarga intilishga ruhlantirish hamda bir-biridan o‘rganishlari mumkin bo‘lgan xalqaro platformani yaratish. Bugun bu vazifa har qachongidan ham dolzarb.
Texnologik taraqqiyot ortida, avvalo, iqtidorli insonlar turadi. Kelajak faqat tezkor kompyuterlar yoki kuchli algoritmlar bilan belgilanmaydi. U murakkab muammolarni hal qilishga intiladigan yoshlarning ijodkorligi, qiziquvchanligi, halolligi va qat’iyati bilan shakllanadi.
Shu sababli IOI kabi musobaqalar nihoyatda muhim. Ular yoshlarni katta orzular qilishga, o‘z imkoniyatlarini sinashga va mukammallikka intilishga ilhomlantiradi. Shu bilan birga, turli mamlakatlardan kelgan yoshlarni birlashtirib, informatika taraqqiyoti va jamiyat farovonligiga xizmat qiluvchi xalqaro hamjamiyatni shakllantiradi.”
Ochilish marosimi davomida mehmonlar va ishtirokchilarga O‘zbekistonning milliy madaniyati, san’ati hamda zamonaviy texnologik salohiyatini uyg‘unlashtirgan maxsus musiqiy va sahnaviy chiqishlar namoyish etildi.
Tantanali ochilishda dasturlash jarayonini aks ettiruvchi vizual animatsiya namoyish etildi. Shu tariqa, 38-Xalqaro informatika olimpiadasiga rasman start berildi.
IOI 2026 doirasida dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan yosh dasturchilar dasturlash va algoritmlash bo‘yicha bilim hamda mahoratlarini sinovdan o‘tkazadi.
Olimpiada nafaqat yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon etish, balki turli mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashish va xalqaro IT hamjamiyatini birlashtirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.