O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Turizm

Marokashda Oʻzbekistonning ziyorat turizmi taqdimoti boʻlib oʻtdi

UzDaily tahririyati · 05.07.2026 · 11:55 · 30 views
Marokashda Oʻzbekistonning ziyorat turizmi taqdimoti boʻlib oʻtdi

Marokashda Oʻzbekistonning ziyorat turizmi taqdimoti boʻlib oʻtdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Marokash Qirolligining Kasablanka shahrida O‘zbekiston Umra ziyoratlari assotsiatsiyasi tashabbusi hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida tashkil etilgan “Umra plus va Ziyorat turizmi Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyati keng taqdim etildi.

Tadbirda O‘zbekistonning yetakchi turoperatorlari va turizm sohasi vakillaridan iborat delegatsiya ham ishtirok etdi. Ko‘rgazma doirasida o‘tkazilgan taqdimotlarda mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, muqaddas qadamjolari, zamonaviy turizm infratuzilmasi hamda xorijiy ziyoratchilar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi Marokash va boshqa arab mamlakatlaridan O‘zbekistonga ziyorat turizmi yo‘nalishida tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini ko‘paytirish, mamlakatimizni xalqaro ziyorat turizmi bozorida yanada faol targ‘ib qilish hamda yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir doirasida Marokash parlamenti vakillari, mamlakatning Umra assotsiatsiyasi rahbariyati, turizm sohasi mutaxassislari va yirik turoperatorlar ishtirok etdi. Uchrashuvlar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida ziyorat turizmini rivojlantirish, sayyohlar almashinuvini kengaytirish, viza tartib-taomillarini soddalashtirish hamda konsullik hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, Marokash turizm bozori vakillari O‘zbekistonning boy ziyorat merosi va turizm imkoniyatlariga katta qiziqish bildirdilar. Natijada ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator bitimlar imzolandi.

Ayniqsa, “Umra Plus” dasturini rivojlantirish doirasida Marokash va boshqa mamlakatlardan muqaddas Makka va Madina ziyoratini amalga oshirayotgan sayyohlarni O‘zbekistonga ham jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu esa islom sivilizatsiyasining yirik markazlaridan biri bo‘lgan Samarqand, Buxoro, Termiz, Toshkent va boshqa muqaddas qadamjolarga xorijiy ziyoratchilar oqimini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, joriy yilning 11-12 iyul kunlari Turkiya Respublikasi Istanbul shahrida “Umra plus va Ziyorat turizmi Uzbekistan” loyihasi doirasida ko‘rgazmali tadbir tashkil etilishi rejalashtirilgan.