O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Madaniyat

Marg‘ilonda «Marg‘ilon atlasi va adrasi» festivali o‘tkaziladi

Dilafro'z Niyazova · 05.09.2026 · 16:10 · 36 views
Marg‘ilonda «Marg‘ilon atlasi va adrasi» festivali o‘tkaziladi
Marg‘ilonda «Marg‘ilon atlasi va adrasi» festivali o‘tkaziladi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 17–19 sentyabr kunlari Marg‘ilon shahrida milliy hunarmandchilik va anʼanaviy atlas hamda adras matolarining o‘ziga xos go‘zalligiga bag‘ishlangan «Marg‘ilon atlasi va adrasi» festivali bo‘lib o‘tadi.

Festival «Burhoniddin Marg‘inoniy» ilmiy-maʼrifiy va sayyohlik majmuasi — «Farg‘ona vodiysining durdonasi» hududida o‘tkaziladi.

Uch kun davomida mehmonlar Marg‘ilonning boy madaniy merosi, milliy hunarmandchilik anʼanalari, shuningdek, ipakchilik va to‘qimachilik sohasida shakllangan ko‘p asrlik tajriba bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Festival dasturidan milliy atlas va adras matolari namunalarining namoyishi, milliy liboslar ko‘rgazmasi, anʼanaviy hunarmandchilikka bag‘ishlangan taqdimotlar, shuningdek, Marg‘ilonning o‘ziga xos madaniy merosini ommalashtirishga qaratilgan tadbirlar o‘rin olgan.

Marg‘ilon atlasi va adrasi nafaqat milliy to‘qimachilik sanʼatining muhim qismi, balki o‘zbek xalqining anʼanalari va boy madaniy merosini o‘zida aks ettiruvchi noyob hunarmandchilik namunasi ham hisoblanadi.

«Marg‘ilon atlasi va adrasi» festivali milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, anʼanaviy hunarmandchilikni ommalashtirish va Marg‘ilonning sayyohlik salohiyatini yana-da rivojlantirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

Tashkilotchilar barcha xohlovchilarni milliy sanʼat va hunarmandchilik, atlas va adrasning yorqin namunalari hamda Marg‘ilonning boy madaniy muhitini birlashtiradigan festivalda ishtirok etishga taklif qilmoqda.