Madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruv takomillashtiriladi
Madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruv takomillashtiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Madaniyat vazirligi tizimidagi madaniyat markazlari quyidagi shakllarda transformatsiya qilinadi:
Madaniyat vazirligi tizimidagi madaniyat markazlari faoliyati nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilish, havaskorlik sanʼatini rivojlantirish, shuningdek, texnologiya, muhandislik, hunarmandchilik va boshqa yangi yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yiladi;
tuman (shahar) hokimliklari tizimiga o‘tkaziladi;
xususiy investitsiyalarni jalb etish va (yoki) ilg‘or boshqaruv tajribasini joriy etish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
resurslardan oqilona foydalanish uchun samarasiz madaniyat markazlari faoliyati maqbullashtiriladi.
2026 yil 1 iyuldan “Tumor” davlat raqs ansambli” davlat muassasasi tashkil etiladi.
Madaniyat bo‘limlari Madaniyat vazirligi tomonidan yuritiladigan reyting natijalari asosida rag‘batlantiriladi. Bunda:
reyting 2027 yildan boshlab har yilning yakuni bo‘yicha yuritiladi hamda unda madaniy tadbirlarga aholi qamrovi va milliy qadriyatlarni asrash bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarga ustuvorlik beriladi;
reytingda eng yuqori o‘rinni egallagan madaniyat bo‘limlari Davlat byudjeti hisobidan rag‘batlantirib boriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan Respublika musiqa va sanʼat texnikumi hamda Respublika estrada va sirk texnikumida:
2 yillik boshlang‘ich kasbiy taʼlim, 6 oydan 2 yilgacha bo‘lgan muddatda o‘rta kasbiy taʼlim hamda kamida 2 yillik o‘rta maxsus kasbiy taʼlim dasturlari asosida o‘qitish tizimi joriy etiladi;
bakalavriat taʼlim dasturlari bilan integratsiyalashtirilgan “2+2” dasturlari asosida o‘qitishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, 2026/2027 o‘quv yilidan Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablarida:
o‘quvchilar musiqa yo‘nalishida 5-sinfdan hamda raqs, teatr, xalq ijodiyoti, tasviriy va amaliy sanʼat yo‘nalishlarida 9-sinfdan boshlab qabul qilinadi;
maktab-internatlar uchun belgilangan amaldagi normalar tatbiq etiladi, jumladan, maktab o‘quvchilarining taʼlim olish va yashash xarajatlari to‘liq Davlat byudjeti hisobidan, ularni ovqatlantirish xarajatlari Davlat byudjeti hamda ota-onalar to‘lovi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;
Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarning bitiruvchilariga bolalar musiqa va sanʼat maktablarida o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi beriladi.
2026 yil 1 iyuldan tajriba tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bittadan “Madaniyat mehmonxonasi” madaniy klasteri investitsiya loyihasi (investitsiya loyihasi) amalga oshiriladi.