Jizzax viloyatida Qo'shma Shtatlarga yuk tashishga xizmat ko'rsatish bo'yicha BPO loyihasi ishga tushirildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Jizzax viloyatida IT Park Uzbekistan rezidenti — "DMGB LOG SERVICE" kompaniyasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ozod Bobomurodov, IT Park Uzbekistanning Eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Kagirov, Raqamli texnologiyalar vazirligining Jizzax viloyati hududiy shu’basi rahbari Mahmud G‘iyosov hamda soha vakillari ishtirok etdi.
"DMGB LOG SERVICE" kompaniyasi Business Process Outsourcing (BPO) yo‘nalishida faoliyat yuritib, AQSH hududida shtatlararo yuk tashish jarayonlarini muvofiqlashtirish va boshqarish bo‘yicha dispetcherlik xizmatlarini ko‘rsatadi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga kompaniya faoliyati, biznes jarayonlari hamda xodimlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari taqdim etildi.
Hozirgi kunda korxonada 26 nafar mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Kelgusida kompaniya jamoasini 100 nafargacha kengaytirish rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha Jizzax viloyatida BPO xizmatlari eksportini rivojlantirish, yangi yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish hamda yoshlarni xalqaro xizmatlar bozoriga jalb etish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.