Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan vakillari Headline Asia VC hamkori Kadzuxiro Oyosi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar venchur bozorini rivojlantirish, o‘zbekistonlik startaplarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuvda Headline Asia‘ning Markaziy Osiyoda ehtimoliy faoliyati masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar fondning mintaqaviy ofisini ochish va uning shtab-kvartirasini Toshkentda joylashtirish istiqbolini muhokama qildi.
Yaponiyada o‘zbek asoschilari tomonidan tashkil etilgan startaplarga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar ularni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari, shuningdek, bunday kompaniyalarni Headline Asia investorlari va hamkorlari tarmog‘iga jalb qilish istiqbollarini muhokama qildi.
Headline Asia VC Tokio shahrida joylashgan bo‘lib, asosan Seed va Series A bosqichlaridagi texnologik startaplarga investitsiya kiritadi.
Fondning asosiy yo‘nalishlari qatorida elektron tijorat, logistika, moliyaviy texnologiyalar va sunʼiy intellekt bor. Taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, fond 100 dan ortiq startapga investitsiya kiritgan.
Ishtirokchilar, shuningdek, Headline Asia‘ning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish, mahalliy startaplar bilan hamkorlik qilish va mintaqada venchur hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zbekistonlik startaplarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, xorijiy investorlar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, venchur investitsiyalar va mintaqaviy sheriklikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.