Texnologiyalar

IT Park Uzbekistan va KISED startaplar sohasida hamkorlikni kengaytiradi

IT Park Uzbekistan va KISED startaplar sohasida hamkorlikni kengaytiradi
IT Park Uzbekistan va KISED startaplar sohasida hamkorlikni kengaytiradi / Foto: IT Park Uzbekistan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Uzbekistan va Korea Institute of Startup & Entrepreneurship Development (KISED) startaplar sohasida hamkorlikni kengaytirish hamda texnologik kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv Seul shahrida O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maqsudov, IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Rajabov hamda IT Park Uzbekistan vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda IT Park Uzbekistan xabar berdi.

Tomonlar startap ekotizimlarini rivojlantirish, texnologik kompaniyalarni xalqaro miqyosda kengaytirish hamda O‘zbekiston va Janubiy Koreya tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

KISED Koreya Respublikasi Kichik va o‘rta biznes hamda startaplar vazirligi huzuridagi davlat muassasasi hisoblanadi.

Institut tadbirkorlik va texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy dasturlarni amalga oshiradi. Ular biznesni o‘qitish va ishga tushirishdan tortib, akseleratsiya, tijoratlashtirish, investitsiyalar jalb qilish va xorijiy bozorlarga chiqishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi.

Takliflardan biri Koreya bozoriga chiqishdan manfaatdor bo‘lgan o‘zbek kompaniyalari hamda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda ishlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgan koreys startaplari uchun startaplar almashinuvi va «yumshoq qo‘nish» qo‘shma dasturini tashkil etish bo‘ldi. Potensial dastur bozorga chiqish bo‘yicha maslahatlar, mentorlik ko‘magi, mahalliy hamkorlarni izlash va B2B uchrashuvlarini o‘tkazishni qamrab olishi mumkin.

IT Park Uzbekistan ishtirokchilari bo‘lgan istiqbolli startaplarni KISED‘ning xalqaro dasturlariga, jumladan, K-Startup Grand Challenge, Global Market Expansion Program va K-Startup Centers dasturlariga, shuningdek, ko‘rgazma va biznes tadbirlariga jalb etish imkoniyatiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, 2027 yilda startaplar, investorlar, akseleratorlar va ikki mamlakatning korporativ hamkorlari ishtirokida Uzbekistan–Korea Startup Forum o‘tkazish imkoniyati ko‘rib chiqildi. Shuningdek, O‘zbekiston va Janubiy Koreyaga o‘zaro biznes-missiyalarini tashkil etish, B2B uchrashuvlari, investitsiya sessiyalari, texnologik kompaniyalarga tashriflar va bozorlarga chiqishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

Yana bir yo‘nalish startap ekotizimlarini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashishdan iborat bo‘ladi. Tomonlar IT Park Uzbekistan va Raqamli texnologiyalar vazirligi xodimlari uchun Koreyada startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, texnologiyalarni tijoratlashtirish, ochiq innovatsiyalarning korporativ modellari va innovatsion infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha seminar hamda taʼlim dasturlarini o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqdi.

Shuningdek, o‘zbek startaplarining koreys venchur fondlari, investorlar, korporatsiyalar va texnologik ekotizimning boshqa ishtirokchilari bilan aloqalar o‘rnatishida KISED tarmog‘idan foydalanish masalasi muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki mamlakat startaplarining yangi bozorlar, investitsiyalar va xalqaro hamkorlik imkoniyatlaridan foydalanishini kengaytirishga qaratilgan amaliy hamkorlik formatlarini rivojlantirishning keyingi yo‘nalishlarini belgilab oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.